Kimlarni grippga qarshi emlash mumkin emas?

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva kasallik bilan bogʻliq savollarga javob qaytardi.

COVID-19ga chalinib zotiljam boʻlgan va tuzalganlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkinmi? Qanday holatlarda emlash mumkinmas?
COVID-19 bilan kasallanib tuzalgan bemorlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkin. Grippga qarshi vaksina bir yillik vaksina boʻlib, u har ili uchrashi mumkin boʻlgan grippning shtammlariga qarshi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, bu vaksina bilan inson organizmi aynan kasallikning shu shtammlariga qarshi immunitet hosil qiladi. U koronavirus bilan kasallangan va tuzalgan bemorlarini kuz-qish mavsumida grippning keladigan shtammlaridan maʼlum darajada himoya qiladi yoki kasallikni yengil kechishini taʼminlab beradi.
Kimlarni emlash mumkin emas?
Orttirilgan immun tanqis holatlar, yaʼni OITS kasalligini turli bosqichlarida;
vaksina tarkibidagi adyuvanti, yaʼni vaksina ishlab chiqilgan asosiy vosita va qoʻshimchalariga nisbatan allergik holat;
bolalarda miyaning organik qismida oʻzgarish keltirib chiqaruvchi nevrologik kasalliklarni zoʻrayib borishi davri.
Barcha somatik kasalliklar avj olish davrida tana haroratining 38° S dan yuqori koʻtarilishi, diareya, ich ketish, qusish, tutqanoqlar, qon bosimini koʻtarilishi yoki tushishi, kuchli ogʻriq sindromida va hokazolar oʻtib ketganidan keyin shifokor koʻruvidan oʻtib sogʻlom deb tashxis qoʻyilganida, tibbiyot muassasasida shifokor-immunolog, pediatr yoki terapevt nazorati ostida emlanish kerak.
Koronavirus bilan kasallanib sogʻaygan bemorlar yana 90 kun virus tarqatuvchi boʻlishi mumkin ekan. Bu maʼlumot qanchalik rost?
Amerika Qoʻshma Shtatlari olimlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra ham KOVID kasalligini oʻtkazgan baʼzi insonlar organizmidagi qon tarkibida 90 kungacha virus aylanib yurishi tasdiqlangan.
Bu davrda inson tarqatuvchi sifatida boʻlib yurishi haqida bir necha olimlar yozmoqda, lekin bu maʼlumotlar toʻliq tasdiqlanmagan. Lekin kasallikni oʻrta ogʻir, ogʻir va oʻta ogʻir kechirayotgan bemorlar bir oy va undan koʻp muddat kasallik jarayonini kechirmoqdalar, bu inson organizmiga tushgan virus yuklamasi, unga nisbatan organizmning javob reaksiyalariga ham bogʻliqdir.
Bugungi kunda, virus tarqatuvchanligi, kasallik organizmda keltirib chiqaruvchi alomatlari, inson organizmining javob reaksiyasi, kasallik asoratlanishi va reabilitatsiya jarayoni boʻyicha shifokorlar va olimlar doimiy ravishda izlanishlar olib bormoqda.
Bu esa, yana bir bora, kasallangan bemorlarni alohidalanishi, yaqinlari, farzandlari va ota-onalari bilan borish-kelishni kamaytirishlari, umuman uydan tashqariga chiqishni cheklashlari kerakligini bildiradi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog