Karantin talablari kuchaytirilmoqda: Toshkentga kirishda cheklovlar joriy etildi

//

Sog‘liqni saqlash vazirligi karantin tartib va cheklovlariga qo‘shimchalar kiritilgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

So‘nggi kunlarda mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotganligini inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligining taklifiga binoan, bugungi kunga qadar Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan tartib va cheklovlarga qo‘shimchalar kiritildi:

  • joriy yilning 28-iyunidan 12-iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi;
  • xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamlari bilan birgalikda Toshkent shahri aholisining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlamini o‘zlari biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda koronavirus infeksiyasiga qarshi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanishi belgilandi;
  • joriy yilning 28-iyunidan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obektlari – kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00dan 20:00gacha ruxsat beriladi;
  • ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sig‘imining 50 foizidan qat’iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 24-iyun kuni koronavirusning yangi shtammi – dastlab o‘tgan yil kuzida Hindistonda qayd etilgan «Delta» shtammi O‘zbekistonda ham aniqlangani haqida xabar berildi. Bu shtamm avvalgilariga qaraganda tezroq tarqaladi va o‘lim xavfi ham yuqori hisoblanadi.

SSV statistikasiga ko‘ra so‘nggi bir kunda 476ta yangi kasallanish holati qayd etildi – bu yil boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Latest from Blog