/

Jurnalistga Samarqandda o‘ldirish bilan tahdid qilindi. Viloyat IIB holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshladi

Foto: Kun.uz

Samarqand shahrida Rossiyaga ketish istagidagi o‘nlab mehnat migrantlariga aviachiptalar sezilarli darajada qimmat narxda sotilganiga oid masalani o‘rganayotgan “Kun.uz” muxbiriga tahdid qilindi, deb xabar beradi nashr.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Rossiyadagi “Pik Industriya”, “Texnostroy” kabi qurilish tashkilotlari orqali Rossiyaga ishlashga borgan vatandoshlar duch kelgan muammolar tahririyat tomonidan o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar chog‘ida, mehnat migrantlariga aviachiptalar 4,5 million so‘mdan sotilgani, chiptalarni Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi 47-uyda joylashgan “Pik Industriya”, “Texnostroy” kabi tashkilotlarning shartnoma asosida O‘zbekistondagi ishonchli vakili hisoblangan “Panorama bolalar uyi” MChJ sotgani haqida ma’lumotlar to‘plangan.

Nashrning ushbu shahardagi hududiy ofisi xodimi Anvar Mustafoqulov shu yil 19-mart kuni mavjud ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida ayrim savollar bilan firma idorasiga borgan. Ammo muxbir u yerda firmaning mas’ul xodimlari bo‘lishi mumkinligi ehtimol tutilayotgan shaxslarning tahdidiga uchragan.

Muxbirning aytishicha, dastlab, undan telefonni o‘chirib turishni, vaziyat bo‘yicha gaplashib olishlarini bildirishgan, so‘ngra turli haqoratli so‘zlar bilan haqoratlab, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan va kuch ishlatishga urinishlar bo‘lgan. Vaziyat jiddiyligi oydinlashgach, muxbir u yerdan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Jurnalist unga bo‘lgan tahdid yuzasidan Samarqand shahar IIO FMBga ariza kiritgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining mazkur holat yuzasidan bergan bayonotida qayd etilishicha, jurnalist viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. “Hozirda ariza yuzasidan, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov “Kun.uz” xodimlariga tahdid qilgandi. Oradan bir kun o‘tib Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan Vahobovning videointervyusi e’lon qilindi va unda hokim o‘rinbosari “Kun.uz” muxbiri Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da’voni ilgari surgan edi.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘rganish o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Deputat Rasul Kusherboyev jurnalistlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan hokim o‘rinbosari o‘z lavozimini tark etishi kerakligi haqida fikr bildirgandi.

Shundan so‘ng tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov 2019-yil sentabrida ishdan ketgan, biroq 2020-yilning noyabrida u lavozimiga qayta tiklangani ma’lum bo‘lgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog