Jurnalist ishi qayta koʻrib chiqildi

“Maqolam uchun mahalla raisi tahdid qildi, dadamni doʻpposlashdi” sarlavhali xabar Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan muallifning taqdim qilgan hujjatlari asosida qoʻshimcha tarzda tekshirildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura axborot xizmati.

“Aniqlanishicha, M.Poʻlatovaning “Efir uchun qilinayotgan ehsonlar” sarlavhali maqolasi “Navoiy ziyosi” gazetasida chop etilgach, uning xonadoniga Karmana tumani, “Bogʻishamol” MFY raisi Maqsud Pardayev kelib, muallif mahalladagi holatni oʻrganmasdan maqola yozganini vaj qilgan.

Mahalla raisi ushbu harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasi talablarini buzgan.
Tekshirish natijasiga koʻra, joriy yilning 12-sentabr kuni M.Pardayevga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilib, “hayfsan” eʼlon qilindi.

Qayd etish joiz, “Jurnalistik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, soha xodimi jurnalistik faoliyatini amalga oshirish chogʻida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.

Shuningdek, mazkur qonunning 10-moddasida jurnalistning kasbiga doir faoliyati kafolatlari belgilab oʻtilgan. Ularga koʻra, jurnalistning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan qoʻriqlanadi. Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini taʼminlaydi. Uning jurnalistik faoliyatiga aralashish, undan oʻz kasbiga doir vazifalarni bajarish chogʻida olgan biror bir maʼlumotni talab qilish taqiqlanadi.

Shunday ekan, jurnalistlar faoliyati davomida turli bosim yoki tazyiq oʻtkazish yoʻli bilan ularning ish jarayoniga aralashish qonun bilan man etilgan.

Bu borada qonunlarga toʻliq rioya etish, har bir harakat oqibatidan toʻgʻri xulosa chiqarish, qonunni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi tamoyilini unutmaslik lozim” deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Latest from Blog