//

JSST ekspertlari: COVID-19 2019-yil dekabridan avvalroq paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin

Foto: MSN

Xitoyning Uxan shahriga yuborilgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlarining oraliq xulosalari guvohlik berishicha, COVID-19’ni yuqtirib olish holatlari 2019-yil dekabridan avval paydo bo‘lgan. JSST delegatsiyasi a’zolarining xulosalari haqida The Wall Street Journal xabar berdi.

Ekspertlar taxmin qilishicha, Uxandagi birinchi kasallanish holati haqida ma’lum bo‘lishidan ikki oy avval markaziy Xitoyda 90 ga yaqin odam koronavirus simptomlari bilan kasalxonaga yotqizilgan bo‘lishi mumkin. JSST ekspertlari Xitoy hukumatidan qo‘shimcha tahlillar olib borish uchun ruxsat so‘radi.

“Yana tadqiqotlar o‘tkazish kerak”, — dedi JSST guruhi rahbari Piter Ben Embarek. Dastlabki xulosalar bo‘yicha tafsilotlarni u ma’lum qilmadi.

Ilgari noma’lum bo‘lgan virusga chalinish bo‘yicha ilk holatlar haqida rasman 2019-yil dekabri boshida ma’lum bo‘lgan edi. Xitoyning Uxan shahridagi oziq-ovqatlar bozori virus tarqalish o‘chog‘iga aylangan. 2020-yil martida COVID-19 Xitoy tashqarisida tarqalib ketganidan keyin JSST hodisani pandemiya deb e’tirof etdi. 2021-yil 14-yanvar kuni JSST ekspertlari delegatsiyasi virus manbasini qidirish uchun Uxanga yetib keldi. 10-fevral kuni ularning tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari Xitoyning koronavirus pandemiyasi boshlangan Uxan shahriga qilingan safar haqida hisobot bergan edi. Mutaxassislar COVID-19 Uxanda 2019-yil dekabrida tarqalishni boshlagani haqidagi versiyani tasdiqlagan, infeksiyaning bundan avvalroq avj olgani bo‘yicha dalillar shaharda yoki uning tashqarisida topilmagani haqida aytgan edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog