Jomboyda 40 nafar pedagogda koronavirus aniqlandi

Jomboy tumanida dastlabki natijalar 40 nafar pedagogda “COVID-19” infeksiyasi mavjudligini tasdiqladi. Bu haqda Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi – XI sessiyasida maʼlum qilindi.

Covid
Gazeta.uz

Qayd etilishicha, bugun tumandagi 56 ta umumtaʼlim maktabida 32 ming 349 nafar oʻquvchilar tahsil olmoqda. Yangi oʻquv yili uchun yana 3568 nafar bolajonlar 1-sinfga qabul qilingan.

Joriy yilning 25-26-avgust kunlari pandemiya sharoitida oʻquv yilini boshlash mavzusida ota-onalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilgan. Tadbirga 29 ming 430 nafar respondent (jami ota-onalarning 91 foizi) jalb etilgan. Natijada, 23 ming 41 nafar ota-ona (78 foiz) darslarni anʼanaviy shaklda boshlash, 6389 nafar ota-ona (22 foiz) oʻqishni onlayn tarzda tashkil etish fikrini bildirgan.

“Mavzu juda jiddiy, oldimizda farzandlarimizni xatarli xastalikdan asrash, shu bilan bir qatorda, ularning qoniqarli bilim olishlarini taʼminlash masʼuliyati turibdi. Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik doirasida 48 ta maktab jamoasi tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazildi. Jarayonga 1934 nafar oʻqituvchi qamrab olindi. Afsuski, dastlabki natijalar 40 nafar pedagogda “COVID-19” infeksiyasi mavjudligini tasdiqladi. Yana 28 ta maktab oʻqituvchilaridan olingan test natijalari kutilmoqda. Xastalikka chalingan xodimlar taʼlim jarayoniga jalb etilmaydi. Ular onlayn tarzda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin”, dedi xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Z.Yusupova.

Shuningdek, axborotda aytilishicha, maktablarda oraliq masofani saqlash, oʻquvchilarni zarur tibbiy vositalar bilan taʼminlash choralari koʻrilgan. Har bir muassasada alohida tibbiyot xonasi tashkil etilgan. Ularda tibbiyot birlashmasidan biriktirilgan hamshiralar faoliyat yuritadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi oʻquv yilini 34- va 38-umumtaʼlim maktablarida 16-sentabrdan tajriba-sinov sifatida boshlash taklif qilindi. Shuningdek, “COVID-19” infeksiyasi aniqlanmagan 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 12-, 14-, 16-, 19-, 21-, 35-, 54-maktablarda darslarni 21-sentabrdan tegishli ketma-ketlikda ochish kun tartibiga qoʻyildi. Qolgan maktablar faoliyatini tiklash kelgusida, vaziyatdan kelib chiqib hal etilishi tavsiya etildi.

Sessiyada yangi oʻquv yilini 16-sentabrdan bosqichma-bosqich tarzda boshlash taklifi maʼqullandi. Tuman maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirining axboroti deputatlar tomonidan rad etildi va keyingi sessiyalarda qayta koʻrib chiqilishi belgilandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog