Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududidan oʻtgan M-39 avtomobil yoʻlida uchta avtomashina ishtirokidagi YTH oqibatida ikki kishi halok boʻldi, uch nafari esa tibbiyot muassasasiga yotqizildi.

9-sentabr kuni Jizzax viloyatida uchta avtomashina ishtirokida sodir etilgan yoʻl transport hodisasi oqibatida ikki kishi vafot etdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 9-sentabr kuni soat taxminan 18:30 da Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Xayrobod MFY hududidan oʻtgan M-39 avtomobil yoʻli “Toshkent-Samarqand” yoʻnalishining 997-kilometrida Lacetti rusumli avtomashina katta tezlikda harakatlanib, shu yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan boshqa bir Lacetti rusumli avtomashinaning chap yon tomoniga urilib, yoʻlni boʻlib turgan beton toʻsiqni buzib oʻtib, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan Kia rusumli yuk avtomashinasi bilan toʻqnashgan.

Departamentning birlamchi maʼlumotlariga koʻra, katta tezlikda harakatlanib kelgan Lacetti avtomashinasida yongʻin kelib chiqqan, avtomashinada boʻlgan haydovchi va bir nafar yoʻlovchi hodisa joyda vafot etgan, qolgan 3 nafar yoʻlovchilar tibbiy muassasasiga yotqizilgan, ikkinchi Lacetti rusumli avtomashina yoʻl chetida agʻdarilib ketgan, avtomashinada boʻlgan haydovchi va yoʻlovchi tan jarohatlari olmagan, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib kelgan Kia yuk avtomashina haydovchisi ham tan jarohatlari olmagan.
Taʼkidlanishicha, hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda.