Jizzaxda sayyor sud hovlisida giyohvand o‘smlik o‘stirgan fuqaroni bir yilga ozodlikdan mahrum qildi

Jizzax viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida sayyor sudlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Sharof Rashidov tumanidagi “Toqchilik” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Sayyor sudda ushbu mahallada yashovchi fuqaro Ixtiyor Qurbonovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. Besh farzandning otasi, yoshi ellik atrofidagi bu fuqaro bundan besh yil avval ham sudlanib, uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ammo unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanib, jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilingan.

Joriy yilning iyun oyida tuman ichki ishlar va terrorizmga qarshi kurash bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori — 2017” tadbiri davomida Ixtiyor Qurbonovning hovlisida kannabis giyohvandlik o‘simligi o‘stirilayotgani hamda iste’mol uchun quritib, tayyorlab qo‘yilgani aniqlandi. Surishtiruv va tergov davomida u barcha ayblarini bo‘yniga oldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tumani sudining sayyor sud majlisida Ixtiyor Qurbonovning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilasida yagona boquvchi ekani inobatga olinib, unga nisbatan bir yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Latest from Blog