Jinoyat qilgan odamning dinga boʻlgan munosabatini oldingi sahnaga olib chiqmaslik kerak – Musulmonlar idorasi

Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiy viloyatida Qurʼoni karim kitobi ichiga giyohvand modda yashirgan imom-xatib (ayrim manbalarda “mulla”) qoʻlga olindi” degan xabar tarqatildi. Ushbu xabarlarga Musulmonlar idorasi munosabat bildirdi.

narkotik
xs.uz

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ushbu holatni tezkorlik bilan oʻrganib, mazkur qoʻlga olingan shaxs Diniy idora tizimida mutlaqo ishlamasligi toʻgʻrisida tegishli ommaviy axborot vositalari va internet manbalari masʼullariga xabar berildi. Shundan keyin “imom-xatib”, “mulla” soʻzlari “shaxs”, deb qayta tahrir qilindi.

“Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noxushliklarni muborak Islom dini, masjid yoki imom-domlalarga bogʻlash holatlari kuzatilmoqda, bu ish gunoh hisoblanadi.

Jinoyat qilgan odamning har qanday holatda ham dinga boʻlgan munosabatini oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak. Bu odam jinoyat qilgan boʻlsa, qonuniy jazosini oldi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida masjid yo imomni yomonotliq qilishga urinish ogʻir gunoh. Har bir ijodkor mazkur mavzularda soʻz yuritar ekan, tasavvurida Alloh taolo va Uning Rasuli, Islom dini qadr-qimmati paydo boʻlsa, soʻz aytish masʼuliyatini yana-da teranroq anglaydi.

Oʻz navbatida qatʼiy taʼkidlaymizki, giyohvand moddalarni sotish, yetkazib berish bilan shugʻullanayotgan yoki isteʼmol qilayotganlar koʻzlarini ochsinlar. Avvalo Alloh taolo oldida javob berishini unutmasin. Besh kunlik hayotda arzimagan sariq chaqaga uchib, harom yoʻl bilan pul topib, gunoh ishlarni qilib oxiratdagi abadiy rohatdan benasib qolishdan ehtiyot boʻlsin. Yomon ish jazosiz qolmaydi, ertaga, albatta, qonun oldida javob beradi. Unday insonlar hayotda zor, oxiratda esa xor boʻladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir”, deb qatʼiy taʼkidlaganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadisga asosan giyohvandlikning har qanday koʻrinishi harom hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Latest from Blog