“Jenoa” Shomurodovni “Rostov” klubidan sotib oladi

Rossiyaning “Rostov” klubi oʻzbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov transferi borasida Italiyaning “Jenoa” klubi bildirgan yangi taklifga rozi boʻldi, deya xabar bermoqda Rossiyaning “Sport Ekspress” nashri.

Foto: Bookmaker-ratings.ru

Manbaning yozishicha, “Rostov” klubi rahbariyati dastavval italiyaliklarning 8 million yevrolik taklifini rad etgan. Koʻp oʻtmay, muzokaralarda Italiya A Seriyasi klubi Eldor Shomurodov uchun barcha bonuslari bilan qoʻshib hisoblaganda narxni 9 million yevroga koʻtargan. Yangilangan taklifni esa “Rostov” klubi qabul qilgan.

Qayd etilishicha, kelishuvga koʻra Rossiya klubi Eldor Shomurodovning keyingi transferidan tushadigan 15 foizi miqdoridagi mablagʻga ham ega boʻladi.

Tomonlar barcha masalada kelishishgan, faqat Shomurodov transferi uchun toʻlanadigan jami mablagʻ qancha muddat davomida taqsimlab toʻlanishi masalasi borasida bir toʻxtamga kelish qolgan.

Maʼlumot uchun, Shomurodov 2017-yildan buyon rostovliklar safida toʻp surmoqda. Futbolchining shartnomasi 2024-yilga qadar belgilangan. “Transfermarkt” portali hujumchining transfer bahosini 6,5 million yevroga baholagan.

Eslatib oʻtamiz, Eldor Shomurodov oʻtgan mavsumda Rossiya Premer ligasida 11 ta gol urib, toʻpurarlar qatoridan joy olgandi. Joriy mavsumda u 9 oʻyinda bitta gol muallifiga aylangan. Shuningdek, Eldor Yevropa ligasi 3-saralash bosqichi doirasida oʻtgan hafta “Makkabi” (1:2) klubi darvozasini ishgʻol etgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog