Foto: Barron's

Jeff Bezos dunyoning eng boy odamlari reytingida birinchilikka qaytdi

/

SpaceX kosmik kompaniyasi asoschisi va Tesla bosh direktori Ilon Mask dunyodagi eng boy odam maqomidan ajraldi, deb yozadi Bloomberg Billionaires Index reytingiga tayanib, “RBK”. Amazon asoschisi Jeff Bezos undan o‘zib ketdi.

Amerika birjalarida savdolar yakunlangach, Maskning boyligi 190 milliard dollarga baholandi. Bir kun ichida u 4,58 milliard dollarga kamaydi. Bezosning boyligi esa 191 milliard dollar deb baholanmoqda, biznesmen bir kunda 372 million dollar yo‘qotgan.

Ushbu reytingning uchinchi pog‘onasida esa Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts joylashgan, uning aktivlari 137 milliard dollarga baholanmoqda.

Mask 7-yanvar kuni Bezosni ortda qoldirib, dunyodagi eng boy biznesmeniga aylangandi. O‘sha kuni uning boyligi 9 milliard dollarga o‘sib, 186,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Mask dunyodagi eng boy odamlar ro‘yxatida Bezosni ortda qoldirgandan so‘ng, u o‘zining Twitter’dagi sahifasida mahkamlangan postni o‘zgartirib, 2018-yilda o‘z boyligining yarmini Marsda shahar qurishga yo‘naltirishga va’da bergan postini qayta joylagan. Maskning o‘zi Marsni mustamlaka qilish uchun barcha mol-mulkini sotishga qaror qilganini aytgan. “Aslida, menda kompaniyaning aksiyalaridan tashqari pul qiymatidagi mulkim deyarli qolmaydi”, — degan u. Avvalroq Mask 2050-yilga qadar Marsda 1 million aholisi bo‘lgan shahar qurishni rejalashtirganini aytgandi.

2020-yil boshlarida Maskning boyligi taxminan 27 milliard dollarga baholangandi. So‘nggi bir yil ichida biznesmenning boyligi keskin o‘sdi. O‘sishning asosiy qismi, 700 foizdan ko‘prog‘ini Tesla aksiyalari hisobiga bo‘lgan. 21-dekabr kuni u S&P 500 indeksiga kiritildi.

Bezos 2017-yildan beri sayyoradagi eng boy odam maqomini saqlab turdi. Forbes hisob-kitobiga ko‘ra, 2020-yilda u o‘z kapitalini 67,5 milliard dollarga ko‘paytirib,182 milliard dollarga yetkazdi.

Latest from Blog