Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan tergov O‘zbekiston bosh prokurori tomonidan shaxsan nazoratga olindi

Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayev tomonidan shaxsan nazoratga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Avval xabar qilinganidek, 3-may kuni Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji 2-bosqich talabasi — 1999-yilda tug‘ilgan Jasurbek Ibrohimov og‘ir tan jarohati bilan Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik shifoxonasiga yotqizilgan va olgan tan jarohatlari natijasida 1-iyun kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan.

Holat yuzasidan Mirobod tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi 4-iyun kuni Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga qabul qilingan. To‘plangan dalillar majmui asosida Islombek Tulaganov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilindi va unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

“Hozirda jinoyatga aloqador shaxslar doirasini aniqlash yuzasidan tegishli tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Fikr bildirish

Latest from Blog