Janubiy Koreyada oʻzbek milliy kurashi ommalashmoqda

Oʻzbek xalqining milliy iftixori sanalgan, uch yarim ming yildan ziyod tarixga ega kurash hozirgi kunda xalqaro maydonda faol ommalashib bormoqda. Shu yilning 5-19-iyun kunlari Koreya Respublikasining Inchon shahrida kurash boʻyicha turnir boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi “Jahon” AA.

Foto: kurash-ika.org

“Musobaqa Janubiy Koreya Kurash assotsiatsiyasi va Inchon shahri hokimiyati tomonidan tashkil etildi. Tadbirda sport uyushmalari va klublari rahbarlari, murabbiylar va malakali sportchilar qatnashdilar”, — deb taʼkidlangan xabarda.

Xabarga koʻra, mazkur turnirda Oʻzbekistondan Osiyo va jahon chempionlari boʻlgan 5 nafar kurashchi ishtirok etdi. Musobaqa yakunlariga koʻra, Suhrob Xudoyberdiyev, Shahram Ahadov va Ruslan Boʻriyevlar barcha raqiblarini magʻlub etib, oltin medal sohibiga aylandilar hamda oʻz murabbiylari Elmurod Soatov bilan birga shohsupaning yuqori bosqichiga koʻtarildilar.

Taʼkidlash joizki, musobaqa mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Xususan, “Incheonilbo” nashrida chop etilgan maqolada taekvondoning vatani boʻlgan Janubiy Koreyaning xalqi yakka kurashning boshqa turlariga ham hamisha katta qiziqish bilan yondoshib kelgani, shu jumladan, oʻzbek kurashi ham mamlakatda keng ommalashib borayotgani haqida yozadi.

Inchon shahar kengashi vakili Choy Jong Gukning fikriga koʻra, kurashning Janubiy Koreyada yanada shuhrat qozonishining eng maqbul yoʻli, bu mamlakatda oʻzbekistonlik polvonlar ishtirokidagi musobaqalarning koʻproq oʻtkazilishidir.

Latest from Blog