Jan-Klod Van Damm Toshkentga kelmaydi, Stiven Sigal tashrifi kutilmoqda

Taniqli Gollivud aktyori Jan-Klod Van Damm va aralash yakkakurashlar jangchisi Jeff Monson 9-sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Asian Fight 2017 xalqaro turniriga kelmaydi. Aktyor va jang san’atlari ustasi Stivel Sigal ushbu tadbirning faxriy mehmoni bo‘ladi.

Foto: KinoPoisk

Musobaqa matbuot xizmati rahbari Jamshid Xojiakbarov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Jan-Klod Van Damm sog‘lig‘idagi muammo sababli musobaqaga kela olmasligini ma’lum qildi.

Jahon OAVsida Van Damning sog‘lig‘i haqida xozircha hech qanday xabar tarqalgani yo‘q.

«Afsuski, Jan-Klod Van Damm O‘zbekistonga kelmaydi. U og‘ir kasallikka chalindi. Yordamchisining bizga ma’lum qilishicha, u hozir Los-Anjelesda. Van Damm O‘zbekistonga kelishdan bosh tortdi va o‘z uzrini bildirdi», — dedi Jamshid Xojiakbarov.

Uning aytishicha, aktyor bilan shartnoma tuzib bo‘lingan. Shuningdek, oldindan gonorari va samolyot uchun chiptasi to‘langan, mehmonxonadan joy band qilingan edi. «Hozircha pullarimiz uning hisob raqamida qolmoqda. Bu haqda biz bugun kechqurun bildik. Uning o‘rniga nomzod qidirib, Stiven Sigalda to‘xtadik. Biz u bilan shartnoma tuzdik», — deya ma’lum qildi u.

Amerikalik MMA jangchisi Jeff Monson masalasida esa uning shartnomasi Jan-Klod Van Dammning kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan. «Jeff Monson bilan tuzilgan shartnomada O‘zbekistonga u Vann Damm bilan birga kelishi ko‘rsatilgan edi. Biroq aktyor kelmaganidan so‘ng Monson bilan tuzilgan shartnoma ham bekor qilinadi», — deya ta’kidladi Jamshid Hojiakbarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muxlislar istasa chiptalarni qaytarib olishlari mumkin. «Agarda ishqibozlar faqatgina Jan-Klod Van Damm uchun chipta xarid qilgan bo‘lsa, biz muammosiz ularni qaytarib berishimiz mumkin. Agarda o‘zbek sportchilarini qo‘llab-quvvatlarini istashsa, ularni 9-sentabr kuni kutamiz», — dedi matbuot xizmati rahbari.

O‘zbekistonlik aralash yakkakurashlar jangchisi, World Kickboxing Network talqini bo‘yicha interkontinental chempion, Caveam talqini bo‘yicha jahon chempioni, XFN talqini bo‘yicha jahon chempioni Mahmud Murodov muxlislarni bo‘lib o‘tajak musobaqada o‘zbekistonlik sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Asian Fight 2017 musobaqasi 9-sentabr kuni poytaxtdagi «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar