Foto: Instagram / @f.najmiddinova.qalampiruz

Jamoatchilik va rasmiylar Qalampir.uz jurnalisti Feruza Najmiddinovani qoʻllab-quvvatladi

/

Toshkent IIBB Qalampir.uz internet-nashri jurnalisti Feruza Najmiddinovaning shaʼni va qadr-qimmatini toptash maqsadida montaj qilingan videorolikning internetda eʼlon qilinishi ortidan tergovga qadar tekshiruv boshladi. Boshqarma matbuot xizmatining shanba kuni xabar qilishicha, jurnalist unga tuhmat qilgan shaxslarga nisbatan chora koʻrishni soʻrab ariza bilan murojaat qilgan.

Sayt bayonotida aytilishicha, videorolik tarqatilishidan bir kun avval, 6-avgust kuni Feruza Najmiddinova Tashkent City hududidagi restoranlar koronavirusga qarshi kurashish Respublika maxsus komissiyasi tomonidan taqiqlanganiga qaramasdan, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportajni tayyorlagan. Bu, tahririyat fikricha, “ayrimlarning „dumini bosdi” va bu unga nisbatan nafratni yana-da oshirdi».

«Bugun biz istalgan odamni “shes sekund»da sharmanda qilish, uning ustidan istalgan vaqtda magʻzava agʻdarib, tomosha qilib turish, obroʻsizlantirish va shu yoʻsinda alam olish oson boʻlgan davrda yashayapmiz», — deyiladi Feruza Najmiddinova bosh muharrir oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatayotgan tahririyat bayonotida.

Taniqli bloger va jurnalistlar, deputatlar, Senat raisi Tanzila Narbayeva, ombudsman Feruza Eshmatova, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, uning oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva hamda boshqalar sodir boʻlgan voqeani qoralab, shuningdek, jurnalistni himoya qilib chiqdi.

Oʻzbekiston IIV matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov vaziyat vazirlik nazorati ostida ekanini maʼlum qilib, yolgʻon axborot, tuhmat, pornografik maʼlumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilanganini eslatib oʻtdi. “Biz jurnalistlarni xolislik, ochiqlik, shaffoflik doirasidagi faoliyatini qadrlaymiz va ularni himoyasiga doimo tayyormiz”, — deya taʼkidladi u.

Munosabatlar

“Feruza, biz siz bilanmiz! Biz siz tarafdamiz!” — deb yozdi Tanzila Narbayeva. U vaziyatni “nafaqat jurnalistning kasbiy huquqlari, balki asosiy inson huquqlari buzilishining eng shafqatsiz holatlaridan biri” deb baholadi.

“Bu holatning adolatli oʻrganilishi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalari tomonidan nazoratga olindi. Biz internet tarmogʻidagi uyushgan tazyiq holatlarining davom etishiga yoʻl qoʻymaymiz”, — deya taʼkidladi u.

“Inson huquqlarini tahminlash va murojaatlar bilan ishlashda xalq dardini tanqidiy va tahliliy ruhda olib chiqayotgan jurʼatli jurnalistni qoʻpol qilib aytganda ovozini oʻchirishga qaratilgan ushbu xatti harakat qonun normalariga mutlaqo zid”, — deyiladi ombudsman Feruza Eshmatova bayonotida.

U bunday vaziyatda koʻpchilik jurnalistlarning birlashishi natijasida tanqidiy tahliliy materiallar yana-da koʻpayishiga ishonch bildirdi. “Jurʼatli va qoʻrqmas qalam ahli bu kabi zarbalardan yana-da toblanadi”, — dedi u.

Komil Allamjonov jurnalistlarga bosim oʻtkazishning eng jirkanch usullaridan biri internet tarmogʻida uyushtirilgan tazyiq boʻlib qolayotganini taʼkidladi. “Odatda bunday usuldan nojoiz yoki noqonuniy ishlari jurnalistik surishtiruvga tushganlar foydalanadi”, — deb yozdi u.

“Buning yoʻli oddiy: yolgʻon qanchalik dahshatli boʻlsa, unga ishonish shunchalik oson. Tarmoqqa qingʻir feyk joylanib, yolgʻonning toʻlaqonli targʻiboti boshlanadi. Maqsad — jurnalistlarni qoʻrqitib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan bosh tortishga majbur qilish”, — deya taʼkidladi prezidentning sobiq matbuot kotibi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining sobiq rahbari.

“Hamkasblar, agar sizning ovozingizni oʻchirishga, nomingizni chaplashga yoki tuhmatga qoldirishga urinishayotgan boʻlsa, demak, Siz toʻgʻri yoʻldasiz, kimgadir qattiq tegib ketgan haqiqatni yozyapsiz. Mass-media fondi bunday holatlarga jim qarab turmaydi — biz har bir professionalning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilamiz”, — dedi u.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari, prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva ushbu holat yuzasidan videomurojaat qilib, ayol jurnalistlar va blogerlardan aslo shashtini soʻndirmasligini soʻradi. “Shantaj, boʻhtonlar sizni sindirib qoʻymasin! Men siz bilanman!” — dedi u.

Latest from Blog