Foto: Daryo

Jahongir Otajonov siyosatdan ketdi. U onasi uchun konsert bermoqchi

/

Avvalroq sobiq xonanda Jahongir Otajonov Oʻzbekiston prezidentligiga oʻz nomzodini qoʻymoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik. Otajonov endi ortiq siyosiy faoliyat bilan shugʻullanmoqchi emas. Bu haqda u oʻzining Instagramʻdagi sahifasida maʻlum qildi.

“Siyosiy masalada jonli efir tashkil qilmaganimga 15 kun boʻldi. Har bir efirimda onamning umri 5 yilga kamayib ketyapti. Ota-onamning har kuni yigʻlab oʻtirishi men uchun qimmatga tushmoqda. Hattoki, Prezident boʻlib qolsam, bularga biror kor-hol boʻlsa, menga tatimaydi. Shuning uchun, men butun jamoatchilikdan uzr soʻrayman. Hozircha, siyosatdan chekinib turaman. Qismat boʻlsa, balki siyosiy faoliyatimni davom ettirsam ham har kuni onamning “oʻlishini” koʻrib oʻtirish meni charchatdi”, deydi u.

Otajonov soʻzida davom etar ekan, butun jamiyat va siyosatchilardan yana bir bor uzr soʻradi:

“Butun jamoatdan, butun vatandoshlardan, borki siyosatchilardan va borki partiya aʻzolaridan uzr soʻrayman. Hozircha bu ishni davom ettira olmayman. Chunki, onamni koʻndirish uchun 6 oy kurashdim. Lekin siyosiy faoliyat oson emas ekan, bularning har kuni siqilishi meni charchatdi. Bu yilgi prezidentlik saylovlarida ham omad tilayman. Nimaiki boʻlsa, xalqimizning foydasi uchun boʻlsin”.

Murojaat yakunida Jahongir Otajonov onasiga yuzlanib, uning sharafiga “Onam uchun” deb nomlangan konsert berishini aytdi.

Eslatib oʻtamiz, Jahongir Otajonov 2020-yil dekabr oyida sanʻatdan ketganini eʻlon qilgan edi. Oradan koʻp oʻtmay u joriy yilda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini qoʻymoqchiligini ommaga maʻlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilik foydalanuvchilar Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qoʻyish toʻgʻrisidagi murojaatini hazilga yoʻydi va “piar” sifatida qabul qildi.

Buning ortidan, u Prezident boʻlish niyati jiddiy ekanini taʻkidlab, oʻzining shu mavzudagi ikkinchi videomurojaatini qoldirdi. U galdagi murojaatida davlat rahbarining lyuks saroylarda yashashiga qarshi ekanini aytib oʻtdi.

Shuningdek, u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yoʻllab, unda Prezidentdan oʻzini tuman hokimi qilib tayinlashni soʻradi.

Joriy yilning 29-iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Jahongir Otajonov murojaatlarining birida tuhmat va haqorat qilish alomatlari mavjud boʻlgani sababli, holatga tegishli tartibda huquqiy baho berilishini maʻlum qilgandi.

Latest from Blog