Jahongir Ortiqxo‘jayev: «Tadbirkorlik boshlash niyatidagi yoshlarga kredit olishni tavsiya qilmayman»

Foto: Xabar.uz

31-mart kuni Toshkentda hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlik boshlash niyatida yordam so‘ragan yoshlarga tavsiyalar va yordam takliflarini berdi.

Hokim o‘z so‘zida biznesni endi boshlayotgan yoshlarga kredit olishni maslahat bermasligi, dastlabki bosqichda tadbirkorlikni bino uchun yer olib qurilish qilishdan emas, balki ijara asosida ish boshlash maqsadga muvofiqligi, buning uchun ma’lum muddat ijara summasini hokimiyat to‘lab berishini aytib o‘tdi.

«Dunyoda hamma tadbirkorlarning ham o‘z joyi yo‘q. Hatto ko‘pchiligining uyi ham yo‘q va ijarada turishadi. Tadbirkorlik kredit olish, auksiondan bir sotixi 70 mln so‘m bo‘lgan yer olib, yana falon so‘mga qurilish qilishdan boshlanmaydi. Hozir mavjud uch-to‘rt so‘m sarmoyani yer-joy olishga sarflamay, ijaraga joy olib, ishni boshlab ko‘rish kerak.

Ijaraga joy so‘rang, biz topib berishga harakat qilamiz. Joy qurish, kreditning ustiga yana kredit olish… Kredit, ochiqchasiga aytaman, yaxshi narsa emas. Men tavsiya qilmayman kreditni, u uncha-muncha odamni to‘kib qo‘yadi.

Yoshlarga imtiyozli kreditlar berishyapti, lekin baribir ehtiyot bo‘linglar. Yoshlikda odam sinsa, keyin o‘nglanish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun biznes boshlashda eng yaxshi variant – joyni ijaraga olish», – ta’kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Poytaxt rahbari tadbirkorlik boshlayotgan yoshlarning 6 oylik ijara pulini hokimiyat to‘lab berishini ma’lum qildi.

«O‘zimiz ko‘zimiz bilan ham ko‘rdik, yoshlar kredit olib to‘lay olmay, og‘ir ahvolga tushib qolganlari bor. Men birorta yosh tadbirkor ish boshlayotganda og‘ir holatga tushib qolishini xohlamayman», – dedi u.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog