Foto: quantmweb.com

Jahon internet kompaniyalari O‘zbekistonda serverlarini joylashtirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi

16 apreldan boshlab ijtimoiy tarmoqlar va jahon internet kompaniyalari “Shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 27−1-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston hududida joylashgan serverlarda Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlashlari shart.

Ushbu qoidaning ijrosi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi yigʻilishida oʻrganildi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati. Yigʻilishda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasi hamda ushbu hujjatning 15 aprel kuni kuchga kirishi nazarda tutilgan 271-moddasi ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitilgan.

Endi Facebook Inc. (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks.taksi, Yandeks.kartы, Yandeks.messenjer, Yandeks.dengi) kabi internet kompaniyalar Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishda ushbu maʼlumotlarni jisman mamlakat hududida joylashgan texnik vositalarda hamda bazalarda yigʻilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini taʼminlashi hamda shaxsga doir maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazishi shartligi belgilangan.

“Bu esa, ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar Oʻzbekiston Respublikasida qonuniy faoliyat yuritishni istashsa, oʻz texnik vositalarini Oʻzbekiston hududiga oʻtkazishlari shartligini yoki belgilangan tartibda maʼmuriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini anglatadi”, — deyiladi xabarda.

Davlat personallashtirish markazi rahbari Ulugʻbek Toshxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, ushbu yoʻnalishda markaz tomonidan bugungi kunga qadar bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yuqorida sanab oʻtilgan xorijiy kompaniyalarga Oʻzbekiston qonunchiligi talablariga rioya qilish toʻgʻrisida xatlar yuborilgan.

Shu bilan birga, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasi talablarining ijrosini taʼminlash maqsadida yaratilgan “Pd.gov.uz” axborot tizimi orqali shaxsga doir maʼlumotlar bazalari mulkdor va (yoki) operatorlarini shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestri roʻyxatidan oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Deputat Shuhrat Sharafutdinov qonunchilikka bunday normalarning kiritilishi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini taʼminlashdan iborat ekanini aytib, bu huquq Konstitutsiyaning 13- va 27-moddalari bilan mustahkamlab qoʻyilganini qayd etgan.

Deputatlarning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda mazkur ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli kiberhujumlar uyushtirib kelinmoqda. Natijada Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlari ham oʻgʻirlangan.

Qonun normasi kuchga kirganiga 1 oy boʻlgan boʻlsada vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha boʻyicha koʻzga koʻrinadigan natijalarga erishilmaganligi deputatlarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi, deyiladi Oliy Majlis quyi palatasining xabarida.

Latest from Blog