Foto: Minyust

IREX 15 yildan so‘ng O‘zbekistonga qaytadi

Oʻzbekiston Adliya vazirligi 12-aprel kuni bosh tashkiloti AQSHda joylashgan Xalqaro tadqiqotlar va almashuvlar kengashining (IREX) Oʻzbekistondagi filialini davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.

“Filialning asosiy maqsad va vazifalari Oʻzbekistonda farovon va teng huquqli jamiyat qurilishiga hissa qoʻshish, Oʻzbekiston yoshlarining imkoniyatlarini kengaytirish va boʻlajak rahbarlarni tarbiyalashga, sifatli taʼlim va axborot olish imkoniyatlarini kengaytirishga koʻmaklashish”, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Shuningdek, IREX Oʻzbekistonga ingliz tili sohiblarini jalb qilgan holda oʻqituvchilar malakasini oshirishga hamda talabalarni ingliz tilini intensiv ravishda oʻrganishini taʼminlashga koʻmaklashadi.

Filial oʻz maqsad va vazifalarini Oʻzbekiston Xalq taʼlimi, Innovatsion rivojlanish, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi, deya qayd etildi.

Tashkilot avval Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatgan. 2006-yilda sud qarori bilan uning filiali “ustav hujjatlari va milliy qonunchilik buzilgani” uchun yopilgan edi. Oʻshanda IREX bilan bir qatorda Amerika yuristlar assotsiatsiyasi, Internews Network, Freedom House, ACCELS, Counterpart International, “Markaziy Osiyo erkin almashinuvlar forumi” (CAFE), “Taʼlim vositasida global jalb qilish” (“Global Involvement through Education”), “Urban instituti”, “Yevroosiyo jamgʻarmasi”, “Akademik taʼlim va taraqqiyot boʻyicha hamkorlik” (PAD), Crosslink Development International va Winrock International vakolatxonalari ham yopilgan.

Avvalroq Adliya vazirligi Oʻzbekistonda Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari (ACCELS) vakolatxonasi hamda Vinrok xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish instituti (Winrock International) filialini roʻyxatdan oʻtkazgani haqida xabar berilgan edi.

Latest from Blog