Insofga kelmagan estrada xonandalari sanʼatkorlar safidan chiqariladi

Kuni kecha “Oʻzbekkontsert” davlat muasasasi tomonidan “Turkiston” saroyida “Qatʼiy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik har bir estrada xonandasining asosiy insoniy fazilatiga aylansin” mavzusida estrada xonandalari bilan yigʻilish tashkil etildi, deb xabar qildi “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi matbuot-xizmati.

Foto: Oʻzbeknavo

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Xojimatov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni masʼul xodimi Abduvahob Saxiyev, estrada xonandalari, va Muassasa xodimlari ishtirok etdi.

“Oʻzbekkontsert” davlat muassasasi direktori v.v.b. A.Haydarov soʻzga chiqdi.

Foto: Oʻzbeknavo

“Boshqalar bilmasa ham, biz oʻz qadrimizni, noyob isteʼdodimizni asrab-avaylashimiz, sanʼatkorning nomini, shaʼni va obroʻ eʼtiborini himoya qilishimiz zarur. Shunday qoʻshiqlar aytaylikki, qoʻshiqning qudratini tushungan imonli, eʼtiqodli kishilar sizlarni oʻgʻil qizlariga ibrat qilib koʻrsatsin. Hamma ham sanʼatkor boʻlolmaydi, faqat Olloh suyib isteʼdod ato etsagina oʻsha inson el nazariga tushadigan xonanda boʻlib tanilishi mumkin.

Foto: Oʻzbeknavo

Sanʼatkorlik kasbi esa insondan sabr-toqat va metindek iroda talab qiladi. Chunki, elga tanilgan har bir sanʼatkor omma eʼtiborida boʻlib, ularning ijodi va faoliyati har doim muhokama etib boriladi. Va ular oʻz navbatida tanqidlarga uchrashi ham ehtimoldan holi emas. Sanʼatkor oʻrinli keltirilgan tanqidlardan toʻgʻri xulosa chiqarib oʻz ijodiy faoliyatini davom ettirishi lozim. U oʻshandagina sanʼatkorlik maqomini saqlab qola oladi. Xalq nazarida boʻlgan sanʼatkorlarimiz tinimsiz mehnatda va izlanishda boʻlishlari kerak. Ularning mehnatdan, harakatdan bir lahzaga toʻxtashi omma eʼtiboridan chetda qolishiga sabab boʻladi. Sanʼatning yuki ogʻir. Ammo, buni hamma ham tushunavermaydi, toʻliq anglamaydi.

Achinarli tomoni shundaki, odatda estrada xonandalarining faoliyatini koʻplab boshqa kasb egalari tanqid qiladi.

Foto: Oʻzbeknavo

Bugungi yigʻilish ana shunday noxush holatlarning oldini olish, xonandalarni qiynayotgan muammolardan xabardor boʻlish, kelgusida oʻzaro kelishib, maslahatlashib ishlashdan iborat” — dedi u.

Foto: Oʻzbeknavo

Estrada xonandalari madaniyat va sanʼat yoʻnalishining koʻpchiligini tashkil etadigan jamoa hisoblanadi. Barcha ahil, hamjihat va hamfikr boʻlsa, oradagi masʼuliyatsiz, faqat oʻzini oʻylaydigan ayrim sanʼatkorlarni iloji boricha tarbiyalanishi, agar insofga kelmasa, ular oʻz-oʻzidan sanʼatkorlar safidan chiqishi taʼkidlandi.

Foto: Oʻzbeknavo

“Qatʼiy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik har bir estrada xonandasining asosiy insoniy fazilatiga aylansin” mavzusidagi yigʻilish soʻngida Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida bir jamoa boʻlib ishlab, ijod qilishga kelishildi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog