IMEI-kodlarga oid yangi tartib noqonuniy joriy etilgan – huquqshunos

Kecha IMEI-kodlari boʻyicha yangi tartib joriy qilingani haqidagi xabarga izoh bera turib, “nahotki Vazirlar Mahkamasi qaroriga oʻzgarish kiritilgan boʻlsa?” deya bu tartibning qonuniyligini shubha ostiga olgan edim. Bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining bergan bayonotidan keyin ushbu yangi tartib noqonuniy joriy etilganiga 100% amin boʻldim deya yozmoqda huquqshunos-bloger Xushnud Xudoyberdiyev oʻzining shaxsiy Telegram kanalida.

Blogerning fikricha, vazirlik yoki xalqni qonunchilikni yaxshi tushunmaydi deb oʻylaydi, yoki oʻzlari yaxshi tushunmaydi.

U holatni quyidagicha tushuntiradi:

“Bayonotda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasi qarorida vazirlik ushbu yoʻnalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish boʻyicha vakolatli organ deb belgilangan. Shu sababli “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK, yaʼni tizim operatori IMEI-kodni roʻyxatdan olish tartibiga oʻzgarish kiritgan. Eʼtibor qiling, oʻzgarishni vazirlik emas, balki boshqa tashkilot kiritgan.

Endi bir boshidan boshlaymiz.

IMEI-kodlarni roʻyxatga olish jarayoni qanaqa boʻlishi Vazirlar Mahkamasining 17.09.2019-yildagi 778-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda (https://lex.uz/docs/4517458#4518871) aniq belgilab qoʻyilgan.

Ushbu Nizomda IMEI-kodni roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida telefon raqami ariza beruvchining nomida boʻlishi kerakligi haqida birorta qoida yoʻq. Bunaqa talab qoʻyilmagan. Nizomning 17-bandida ariza beruvchidan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlar va maʼlumotlarning taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, deb yozib qoʻyilgan.

Bu Vazirlar Mahkamasining qarori, yaʼni Hukumat hujjati. Xalq tilida sodda qilib aytganda, bu Nizomni Bosh vazir imzolab, tasdiqlagan. Bu yerdagi tartibni oʻzgartirish uchun yana bir marta Bosh vazir tegishli hujjatni imzolashi va ruxsat berishi kerak. Na vazirlik, na qanaqadir DUK oʻzboshimchalik bilan Bosh vazir tasdiqlagan hujjatni oʻzgartira olmaydi.

Ammo bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi qaroriga hech qanday oʻzgarish kiritilmadi. Demakki, kecha ushbu tartib hech bir asossiz oʻzgartirildi. Va buni vazirlikdagilar toʻgʻri deya baholab bayonot berdi.

Savol: axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri yoki DUK rahbari Bosh vazirdan ustunmi?

Yoki yurtimizda “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga amal qilish toʻxtatib qoʻyildimi? Istalgan vazirlik yoki istalgan DUK oʻzi xohlagan paytda bemalol Hukumat qarorlarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartira oladigan boʻlib qoldimi? Qachondan unaqa boʻldi, biz eshitmay qolibmiz-ku?!

Ushbu holatga Adliya vazirligi biror munosabat bildirsa yaxshi boʻlar edi. Va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining oʻzidan ham qoʻshimcha izoh kutib qolamiz. Agar vazirlikda yaxshi yuristlar boʻlmasa, Adliya vazirligidan maslahat soʻrab koʻrishsin, qayerda xato qilishganini aytishadi.

Nima boʻlganda ham bu oʻzboshimchalikka tezroq chek qoʻyilishi kerak” deya yozmoqda huquqshunos.

Shuningdek, vazirlik bugun IMEI-kodlar bazasi kutilmaganda ochilgani boʻyicha ham izoh bermadi hali deya eslatmoqda taniqli bloger.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog