IIV xorijiy jurnalist Agneshka Pikuliskani yolgʻon maʼlumot tarqatishda aybladi

Foto: Knews.kg

IIV axborot xizmati 1-aprel kuni jurnalist Agneshka Pikuliskani nomaʼlum shaxslar tomonidan doʻpposlangan bloger Miraziz Bozorov atrofida sodir boʻlayotgan voqealarga noxolis yondashib oʻzining Twitter sahifasida “aslida roʻy bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda” deya ayblagan bayonotini eʼlon qildi.

“Biz eʼtiborni 2021-yilning fevral oyidan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan oʻtib Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan „Al Jazira“ xalqaro OAVsining muxbiri Agneshka Pikuliska (Agnieszka Pikulicka)ga qaratmoqchimiz. Jurnalist, joriy yilning 29-martdan boshlab Miraziz Bozorov atrofida boʻlayotgan voqealarga noxolis yondashib oʻzining Twitter ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida aslida roʻy bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda”, — deyiladi IIV bayonotida.

IIV jurnalistning bir nechta tvitlari tarjimasini keltiradi.

“Niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, maʼlumotlarni goʻyoki Oʻzbekistonda roʻy berayotgan „salbiy axborot“ sifatida bir qator xorijiy internet nashrlariga tarqatgan”, — deyiladi IIV bayonotida.

“Ushbu maʼlumotlar haqiqatga mutlaqo mos kelmaydi hamda mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarini obroʻsizlantirishga qaratilganligining yaqqol misoli”, — deya taʼkidlaydi IIV matbuot xizmati.

28-mart kuni Toshkent shahri markazidagi Amir Temur xiyobonida yapon animesi va koreys pop musiqasi muxlislarining navbatdagi tadbirini oʻtkazmoqchi boʻlgan bloger 29 yashar Miraziz Bozorov shu kuni kechqurun bir guruh nomaʼlum shaxslar tomonidan kaltaklab ketildi. U kasalxonaga yotqizilgan.

Eslatib oʻtamiz, 1-fevral kuni polshalik jurnalist Agneshka Pikuliska Rustam ismli TIV xodimi unga tegajogʻlik qilganini, shuningdek, anchadan buyon TIVda akkreditatsiya ololmayotganini maʼlum qilgandi. TIV bunga munosabat bildirib, polshalik jurnalistdan uzr soʻradi va unga tegajogʻlik qilgan xodimini ishdan boʻshatganini maʼlum qildi, 3-fevral kuni esa unga akkreditatsiya berdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog