Foto: Gazeta.uz

Hukumat emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak — Alisher Qodirov

Mehnat Kodeksining 212-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimlarning kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda mehnat jamoasining manfaatlaridan kelib chiqib xodimga majburiyat yuklashi mumkin.

Tashkilot mehnat jamoasining sogʻlom mehnat faoliyatini taʼminlash maqsadida xodimlariga koronavirusga qarshi emlanishni majburiy qilib qoʻysa boʻladi, deb fikr bildirmoqda deputat Alisher Qodirov.

“Qolaversa, har birimizni bizga xizmat koʻrsatayotgan bank xodimi, sotuvchi, haydovchi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, tibbiyot va taʼlim sohasi xodimlarini kasallik tarqatuvchi emasligini kafolatlanishini talab qilishga haqqimiz bor.

Vaksina olishga majbur emassiz. Lekin, xavfsizlikni taʼminlash asosiy vazifasi boʻlgan, bizning ishonchimiz bilan vakolatli boʻlgan hukumat, epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida, emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak.

Har birimiz erkin, lekin jamiyat oldida majburiyatlari boʻlgan fuqaro ekanimizni unutmasligimiz kerak.

Bugungi kunga kelib insoniyat ishonch bilan suyanayotgani — meditsina birgina virusning davosini topib berolmadi. Bu hali muhokama qilinishi va tegishli baho berilishi kerak boʻlgan jiddiy masala, bu keyingi mavzu…

Hozircha virusni ihotalashning yakkayu yolgʻiz yoʻli emlanish ekan, avvalo oʻzimiz va yaqinlarimizning, qolaversa, atrofimizdagilar xavfsizligi uchun emlanishimiz shart”, deydi u.

Latest from Blog