HRW O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi qadamlarini yuqori baholadi

Human Rights Watch xalqaro huquq himoyasi tashkiloti O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda uning vakillari — Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha direktor Xyu Uilyamson hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Stiv Sverdlov 5-sentabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Nodavlat tashkilotlar va Rivojlanish strategiyasi” forumi chog‘ida bayonot berdi, deb xabar qiladi “Gazeta.uz”.

Foto: Korrespondent.net

Xyu Uilyamson tashkilot yetti yillik tanaffusdan so‘ng mamlakatga qaytishdan mamnunligini hamda jamoatchilik bilan yaqindan ishlab, o‘zaro tushunish va hurmat ruhida muloqot o‘rnatishini ta’kidladi. U Human Rights Watch’ning O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bular: so‘z erkinligi, siyosiy va diniy motivlar bo‘yicha qamalganlarning ahvoli va majburiy mehnatdan foydalanish.

“O‘zbekistonda hozir bo‘layotgan voqealar juda muhim. Biz buni umid lahzasi deb atagan bo‘lar edik. Biz O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi qadamlarini olqishlaymiz”, — dedi Stiv Sverdlov.

U siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan shaxslarning ozodlikka chiqishini alohida qayd qilib o‘tdi:

“Biz bu jarayonlarga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun shu yerdamiz”.

Stiv Sverdlov OAV, so‘z erkinligi va media-jamoatchilik erkinligi sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd qildi, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining chiqishlarida fuqarolar va hokimiyat o‘rtasidagi masofani qisqartirish masalasi asosiy o‘rin tutishiga e’tibor berdi.

“Biz bu jarayonda mustaqil ovoz, ba’zan tanqidiy ovoz, har doim ham yoqimli emas, lekin har doim haqiqiy ma’lumot to‘plashga va O‘zbekiston hukumati tomonidan inson huquqlari sohasida olingan majburiyatlar bilan bog‘liq holatlarda tavsiyalar beradigan ovoz bo‘lib qolamiz”, — xulosa qildi Human Rights Watch vakili.

Latest from Blog