Haydovchilarning hujjatlarini avtotransport nazoratchilari tekshirishadi


Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida avtomobilda tashuv xavfsizligini taʼminlash boʻyicha nazoratni tashkil etish va oʻtkazish tartibi haqidagi Nizom loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Avtomobilda tashuv xavfsizligi nazorati yirik yoʻlovchi va yuk tashish maskanlarida (temir yoʻl vokzallari va stansiyalari, daryo portlari, metropolitenning soʻnggi bekatlari, yoʻnalishlardagi soʻnggi va oraliq bekatlarda) amalga oshiriladi.

Inspektsiya avtomobillariga “Avtotransport nazorati” yozuvi, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi logotipi tushiriladi, qizil-koʻk mayoq hamda ovozkuchaytirgich bilan taʼminlanadi.

Inspektsiya xodimi avtotransportni maxsus tayoqcha, ovozkuchaytirgich yoki qizil-koʻk mayoqni yoqish orqali toʻxtatadi.

U ism-sharifi, lavozimini aytib oʻzini tanishtirishi, xizmat guvohnomasini koʻrsatishi, shundan soʻng haydovchilik guvohnomasi (haydovchining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat), yoʻl varaqasi, litsenziya kartochkasi, transport vositasining roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarni soʻrashi lozim.

Qonun buzilishi holati aniqlanganida nazoratchi shaxs ikki nusxada bayonnoma tuzib, bayonnomalardan birini haydovchiga, ikkinchisini esa tegishli idoraga topshiradi. Nazoratchi shaxsning imzosi uning shaxsiy raqamli muhri bilan tasdiqlanadi. Qoida buzgan shaxs bayonnomaning har ikki nusxasiga imzo qoʻyishi shart. Bayonnomaga imzo chekish rad etilganida bu haqda tegishli yozuv kiritiladi.

Qonun buzilishi holati aniqlanmagan hollarda nazoratchi shaxs yoʻl varaqasiga (xorij avtotransport vositasi uchun ruxsatnoma blankining orqa tarafiga) nazoratdan oʻtkazilgani haqidagi shtamni bosadi, hisob yuritish va roʻyxatga olish jurnallariga tegishli yozuvlarni kiritadi.

Nazoratchi shaxs tomonidan bosilgan shtamp tekshirilgan transport vositasining manzilga qadar qayta tekshiruvlarsiz borishi uchun asos boʻladi.

Inspektsiya xodimi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida yoʻl harakati ishtirokchilariga aniq koʻrinadigan va qoidabuzarlikni oʻz vaqtida bartaraf etish imkoniyatini beradigan joyni tanlashi shart. Qorongʻu va koʻrish cheklangan vaqtlarda nazoratchi yoʻlning yoritilgan qismida turishi hamda nurlanuvchi tayoqcha va nur qaytaruvchi libosda boʻlishi lozim.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog