Habib Nurmagomedov oʻz faoliyatini rasman yakunladi

Foto: www.eurosport.ru

Yengil vazndagi UFC chempioni Habib Nurmagomedov oʻz faoliyatini rasman yakunladi. Bu haqda UFC rahbari Deyna Uayt Tvitterdagi oʻz sahifasi orqali maʼlum qildi.

“U 100 foizga rasman pensiyaga chiqdi. Sening ishingni kuzatish gʻaroyib edi, senga hammasi uchun rahmat, bundan keyingi hayotingdan huzurlan, doʻstim”, deb yozdi Uayt.

32 yoshli Habib Nurmagomedov oʻz faoliyati davomida 29 ta jang oʻtkazib, ulardan birortasida magʻlub boʻlgan emas. UFC janglarida u 2012-yildan beri qatnashib kelgan va oʻtgan vaqt mobaynida 13 marta gʻalabani qoʻlga kiritgan.

2020-yil oktyabrida Nurmagomedov yengil vaznda uchinchi bor UFC chempioni unvonini himoya qilgan, oʻshanda u amerikalik Jastin Geyji ustidan gʻalaba qozongandi. Nurmagomedov oʻsha paytdayoq kasbiy faoliyatini toʻxtatishini eʼlon qilgan. Sportchi onasiga bu uning soʻnggi jangi boʻlishini aytganini bildirgan. Habibga koʻra, onasi uning oʻz otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedovsiz jang qilishini istamagan. Sportchining otasi 2020-yil iyulida koronavirusdan vafot etgan.

Habib Nurmagomedovning muxlislari Oʻzbekistonda ham koʻp. 2019-yili u doʻstlari koʻmagida Oʻzbekistonda MMA akademiyasini ochish niyati borligini bildirgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog