Foto: Qalampir.uz

Gulnora Karimova qamoqxonada roʻza tutayotgani maʼlum qilindi

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Imon Karimova oʻziga tayinlangan jazoni oʻtayotgan onasi Gulnora Karimova qamoqxonada roʻza tutayotganini maʼlum qildi. Bu haqda u Instagramʼdagi sahifasida xabar qoldirgan.

“Barchaga va onamga sabr-toqat tilayman. Chunki ular ham roʻza tutmoqdalar”, deb yozgan Imon Karimova.

Eslatib oʻtamiz, Imon Karimova bir necha kun oldin Oʻzbekistonga qaytdi. Uning qaytgani Instagramʼdagi postlaridan maʼlum boʻldi.

Keyinchalik, kichik Karimova onasi bilan uchrashish uchun qamoqxonaga kiritilmayotganini taʼkidlab chiqdi.

Maʼlumki, Karimovlar oilasining toʻngʻich qizi Gulnora Karimova 2013-yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa turmush oʻrtogʻi Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga koʻchib oʻtgan. Gulnora Karimovaning farzandlari Islom va Imon esa ayni vaqtda Londonda tahsil olmoqda. Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova Oʻzbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.

Lola Karimovaning qizi Maryam esa kuni kecha taniqli rus blogeri Amiran Sardarovga turmushga chiqdi.

Maʼlumotlarga koʻra, Gulnora Karimovaning farzandlari Islom Karimov va Imon Karimovaning oilaning boshqa aʼzolari, xususan xolasi Lola Karimova Tillyayeva va buvisi Tatyana Karimova bilan aloqasi yoʻq. Bir vaqtlar Tatyana Karimova Imon Karimovani Toshkentda olib qolishga uringani, unga uy bergani, biroq Imon buni qabul qilmagani haqida gap-soʻzlar mavjud.

Eslatib oʻtamiz, Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova buvisi Tatyana Karimova va xolasi Lola Karimova-Tillyayeva bilan 2017-yilning avgust oyida poytaxt Toshkentda Islom Karimov haykali ochilish marosimida qatnashgan edi.

Latest from Blog