Gulistonda 72 yoshli onaxon pensiyaga navbatda turganida vafot etdi


6-aprel kuni tushdan keyin Guliston shahrida pensiyasini olish uchun navbatda turgan 72 yoshli pensioner Mariya Xudoyqulova to‘satdan vafot etgan, deb xabar qiladi «Uz24» axborot portali.

Xabarda aytilishicha, uchta mahallada yashovchi pensionerlarga «Navbahor» mahalla fuqarolari yig‘iniga — pensiyasini naqd pulda olib ketish haqida e’lon qilingan. Pensiya olish uchun yuzdan ortiq qariyalardan iborat navbat hosil bo‘lgan. «Taraqqiyot» mahallasida yashovchi, 1945-yilda tug‘ilgan M.Xudoyqulova navbatda hosil bo‘lgan tiqilinchda nafasi qaytib, yurak xurujiga duchor bo‘lgan. Uning atrofdagilar yordam qo‘lini cho‘zishgan va «tez yordam» mashinasini chaqirishgan, biroq shifokorlar yetib kelganida onaxonning joni uzilib bo‘lgan edi.

M.Xudoyqulovaning o‘g‘li Damir onasi shu yilning yanvarida yurak xastaliklari shifoxonasida davolanganini aytib o‘tgan.

M.Xudoyqulova vafot etgan joy — «Navbahor» mahallasi raisi uning o‘limiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, chunki marhuma «Taraqqiyot» mahallasida yashaganini aytgan bo‘lsa, «Taraqqiyot» mahallasi raisi navbatdagi tiqilinch «Navbahor» mahallasida yuz bergani va bunga o‘zlarining aloqasi yo‘qligini, o‘lim holati yuz berganini boshqalardan eshitishganini aytib o‘tgan.

Guliston shahridagi pensionerlarga pensiya tarqatish uchun javobgar bo‘lgan bank xodimi esa baxtsiz hodisada mahallalar raislarini ayblagan.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan naqd pul shaklida to‘lanadigan pensiya, ijtimoiy nafaqa va boshqa kompensatsiya to‘lovlari bosqichma-bosqich “O‘zbekiston pochtasi”dan Xalq banki bo‘limlariga o‘tkazildi.

1-apreldan boshlab pensiyalarni tarqatishni bank o‘z zimmasiga olgach, bank xodimi 6–8-aprel kunlari shaharning «Navbahor», «Sayqal», «Taraqqiyot» mahallalarida yashovchi pensionerlarga pensiya tarqatilishini bildirib, mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga bildirishnoma jo‘natgan. Bu uch mahallada 1290 nafar pensioner istiqomat qiladi.

Bank doimo bir nafar kassirni qariya va bemor pensionerlarning pensiyasini uyiga eltib berishi uchun safarbar qiladi, mahalla fuqarolari yig‘ini bunday pensionerlarning ro‘yxatini bankka taqdim etadi. Aftidan, bunday ro‘yxatga marhuma M.Xudoyqulova kiritilmay qolganga o‘xshaydi va uning o‘zi qo‘shni mahallaga pensiyasini olish uchun borgan, deb yozadi nashr.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar