/

Gruziyada muxolifatchi partiya rahbari Nika Meliya hibsga olindi

Foto: “RIA Novosti”

Gruziya politsiyasi “Yagona milliy harakat” (YMH) muxolifat partiyasi yetakchisi Nikanor Meliyani hibsga oldi. U 2019-yilda tartibsizliklar uyushtirganlikda va Gruziya parlamentiga qilingan hujumda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

Xabarga ko‘ra, 23-fevral kuni ertalab maxsus kuchlar Meliya va uning tarafdorlari yashiringan partiya idorasi eshigini buzib kirgan. Operatsiyada yuzlab politsiyachilar ishtirok etgan. Partiya rahbarini hibsga olish mobaynida politsiya ko‘zni yoshlatuvchi gazdan foydalangan. Qo‘lga olingan muxolifotchi zirhli mashinada olib ketilgan.

Shuningdek, asosan, muxolifat tarafdorlaridan iborat bo‘lgan 21 kishi partiya ofisi oldida hibsga olingan. Ular politsiyaning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikda ayblanmoqda.

Gruziya Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, maxsus operatsiya davomida politsiya munosib kuch va qonunda nazarda tutilgan maxsus vositalardan foydalangan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi esa operatsiyadan so‘ng 17 kishi tibbiy yordamga muhtojligini xabar qilgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakatning turli muxolif partiyalari rahbarlari 23-fevral kuni Gruziya hukumati yonida Nika Meliyaning hibsga olinishiga qarshi norozilik aksiyasini o‘tkazmoqchi.

17-fevral kuni Tbilisi sudi prokuraturaning Meliyani hibsga olish to‘g‘risidagi arizasini qondirgan edi. O‘sha kundan beri muxolifatchi YMH partiyasining ofisida yashiringan. 18-fevral kuni politsiya uni hibsga olishga urinib ko‘rgan, ammo partiya ofisi yoniga yig‘ilgan 200 ga yaqin kishi politsiyaga qarshilik qilgan.

Ma’lumot uchun “Yagona milliy harakat” partiyasi gruziyalik siyosat arbobi Mixail Saakashvili tomonidan tashkil etilgan. U partiyani boshqarish davomida hokimiyatga egalik qilib kelgan, ammo 2012-yilgi parlament saylovlarida partiya biznesmen Bidzina Ivanishvili tomonidan asos solingan “Gruziya orzusi” ittifoqiga yutqazgan. Shundan so‘ng BMH muxolifotga aylandi va Saakashvilining o‘zi mamlakatni tark etdi. O‘shandan beri “Gruziya orzusi” hokimiyatni boshqarib keladi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog