Foto: “RIA Novosti”

Gruziya bosh vaziri muxolif siyosatchining hibsga olinishi tufayli iste’fo berdi

/

Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya o‘z lavozimidan ketishga qaror qildi. Bu haqda u brifingda ma’lum qildi.

“Men ishonaman va ishonishni xohlaymanki, bu qadam mamlakatimiz siyosiy makonidagi qutblarga ajralishni kamaytirishda yordam beradi”, — dedi u.

Gaxariya jamoadagi ziddiyatlarni kelgusida mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishidagi va inqirozlarni yengib o‘tishdagi xavf deb atadi.

Ziddiyatlarga muxolifatchi siyosatchi, “Yagona milliy harakat” partiyasi yetakchisi Nika Meliyaning hibsga olinishi sabab bo‘ldi. Bu partiyaga Mixail Saakashvili asos solgan bo‘lib, uning rahbarligi davrida hukmron bo‘lgan, ammo u iste’foga chiqib, emigratsiya qilganidan keyin muxolifat qo‘liga o‘tdi. Nika Meliya 2019-yil 20-iyunda Tbilisida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar haqidagi ish bo‘yicha sud figurantidir. Tartibsizliklarga rasman Gruziya parlamentida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo pravoslav assambleyasi yalpi majlisida Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Gavrilovning qatnashgani sabab bo‘ldi. Gavrilov majlis raisi o‘rnini egallab, uni rus tilida olib borgani muxolifat noroziligiga sabab bo‘ldi va ular norozilik aksiyalarini tashkillashtirdi. Tbilisidagi tartibsizliklarda bir necha yuz kishi jabrlandi.

Nika Meliya norozilik aksiyalari chog‘ida “guruhli zo‘ravonlik”ni tashkillashtirganlikda va “parlamentga hujum uyushtirishga uringanlik”da ayblanmoqda.

17-fevral kuni Tbilisi sudi prokuraturaning Meliyani hibsga olish haqidagi iltimosnomasini qondirdi. 18-fevral kuni ertalab politsiya xodimlari Meliyani hibsga olish uchun “Yagona milliy harakat” partiyasi idorasiga kira olmadi. U yerda 200 ga yaqin kishi, shu jumladan, boshqa muxolifat partiyalari yetakchilari ham to‘planib, politsiyachilarning harakatlariga xalaqit berdi.

Latest from Blog