Go‘sht nega qimmatlashdi?

Ayni kunlarda respublika bo‘ylab go‘sht narxining oshishi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. “Darakchi” nashri mazkur holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, tegishli tashkilotlarga murojaat qildi.

Foto: mytashkent.uz

Surishtiruvlarda ma’lum bo‘lishicha, poytaxtning Chorsu dehqon bozorida laxm go‘shtlarning narxi 1 kg – 35 000 so‘mdan 36 000 so‘mgacha, suyakli go‘shtlar esa 28 000 so‘mdan 30 000 so‘mgacha sotilyapti (o‘tgan oyda ayni shu turdagi, ya’ni suyaksiz laxm go‘sht 28 000, suyaklisi esa 25 000 so‘mdan xaridorlarga yetkazilgan). Suyaksiz ot go‘shti 25 000 – 30 000 so‘m; jigar 20 000 so‘mdan 22 000 gacha; qazi 52 000 (xomi ham, tayyori ham); qiyma 20 000 so‘mdan 25 000 so‘mgacha.

“Qo‘yliq” dehqon bozorida ham laxm go‘shtlar 30 000 so‘mdan 32 000 so‘mgacha narxda sotilmoqda. Sotuvchining ta’kidicha, o‘tgan oyda ayni shu turdagi go‘shtlar 25 000 so‘mdan 28 000 so‘mgacha xaridorlarga etkazilgan.

Katta savdo markazlarda 1 kg laxm mol go‘shti – 39 490 dan 39 990 gacha, qo‘y go‘shti 28 000 – 31 990 so‘mgacha narxda savdoga qo‘yilgan.
Qassoblar narxlardagi bunday o‘zgarishlarni viloyatlardan mol olib kirish qiyin bo‘layotgani, chorva mollari uchun yem-xashaklarning narxi ham ko‘tarilgani bilan izohlashmoqda.

Go‘sht narxi nega oshayotgani haqidagi savolga «O‘zbekoziqovqatxolding» tomonidan quyidagicha javob berildi:

— Bozor iqtisodiyoti sharoitida go‘sht narxi talab va taklif, shuningdek uni ishlab chiqarish harajatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Shu munosabat bilan bozorda go‘sht narxi ishlab chiqaruvchilar (xo‘jalik sub’ektlar) tomonidan belgilanadi.

Narx oshishiga olib kelayotgan omillar orasida quyidagilar keltiriladi:

Mavsumiy omillar. Aksariyat chorva mollari shaxsiy tomorqalarda ekanligini inobatga olib, bahorda mollar yaylovlarga yuboriladi. Mollarning ozg‘inligi bois uni so‘yish kamayadi. Natijada go‘shtning xarid narxi oshib ketadi.

Yem narxining oshishi. Ozuqa mahsulotlarining bahosi qimmatligi ham go‘sht narxi oshishiga olib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tovar xoma ashyo birjasining joriy yil 15-iyun ma’lumotlariga ko‘ra, omuxta yemga 2017-yil 5-9-iyunda belgilangan narxlar 1 tonna uchun 556 624 so‘mni tashkil etmoqda. Demak, 1 kg omuxta yemning narxi 556 so‘m, ya’ni o‘sish kuzatilgan. Kunjara, ya’ni paxta chigiti shrotining narxi ham joriy yil 5-9-iyun sanalarida 1 tonna uchun 971 499 so‘m qilib belgilangan. Bu 1 kg uchun 971 so‘m degani.

Bu ozuqa mahsuloti esa arzonlashgani qayd etilgan. Arpaning narxi huddi shu davrlar uchun 1 tonnaga 595 404 so‘m belgilangani holda, bunda ham narxning arzonlashgani ko‘rsatilgan. Biroq joylarda 1 kg omuxta yemning o‘rtacha narxi 1800 so‘m, kunjaraniki 2200 so‘m, arpaniki esa 1200 so‘m ekan. Ko‘rinib turibdiki, davlat tomonidan belgilangan va chorvador xarid qilayotgan haqiqiy narxlar o‘rtasidagi kattagina tafovut bor. Go‘sht qimmatlashayotganiga bu ham bir sababdir, ehtimol.

Narxning oshishiga sabab bo‘layotgan yana bir omilni ham qayd etish lozim. Yaqingacha O‘zbekistonda go‘sht eksporti taqiq ostida bo‘lgan bo‘lsa, bugun Prezidentning “Mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini chetga olib chiqish imkoni paydo bo‘lgan. Ayni damda tovuq go‘shtini eksporti bo‘yicha Qaror loyihasi tayyorlanmoqda. Shu munosabat bilan ushbu mahsulotning ham narxi oshishi ehtimoldan holi emas.

Fikr bildirish

Latest from Blog