Foto: EPA/Vostock-photo

Gʻazo sektoridan 10 soatda 150 ta raketa uchilgani xabar qilindi

/

Soʻnggi oʻn soat ichida Gʻazo sektoridan Isroil tomon 150 dan ortiq raketalar uchirildi, deb yozadi Isroil mudofaa kuchlari.

“Kechki soat oltidan boshlab Gʻazodagi terroristik guruhlar Isroil fuqarolariga raketa uchirmoqda. Toʻxtamasdan. Hozir ertalab soat toʻrt. Bu oʻn soatlik raketa hujumlari”, deyiladi bayonotda.

Isroil harbiylari taʼkidlashlaricha, ushbu davr mobaynida Isroil tomon 150 dan ortiq raketalar uchirilgan.

XAMAS Isroil hokimiyatiga ultimatum qoʻyib, maʼbad togʻi va Quddusning Shayx Jarrah mahallasini soat 18: 00gacha xavfsizlik kuchlaridan tozalashni, shuningdek, shahardagi tartibsizliklar paytida hibsga olingan barcha falastinliklarning ozod qilinishini talab qildi. Aks holda, XAMAS Isroilni hujumlardan ogohlantirdi.

Soʻnggi kunlarda Isroil sudining bir necha falastinlik oilalarni Shayx Jarrahdagi uylaridan haydab chiqarish toʻgʻrisidagi qarori ortidan Quddusda falastinliklarning norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Dushanba kuni Quddusdagi Maʼbad togʻida falastinliklar va Isroil politsiyasi oʻrtasida yana toʻqnashuvlar boshlandi. Falastin Qizil yarim oy jamiyati maʼlumotlariga koʻra, yuzlab falastinliklar yaralangan.

Dushanba kuni Gʻazo sektoridan Isroil tomon oʻnlab raketalar otildi. Bunga javoban, Isroil mudofaa kuchlari anklavga qarshi havo hujumlarini uyushtirib, kamida sakkizta Xamas jangarisini oʻldirdi. Oʻz navbatida, Falastin ommaviy axborot vositalari ushbu zarbalar natijasida 20 kishining, shu jumladan toʻqqiz bolaning oʻlimi haqida xabar berishdi. Yana 65 kishi jarohat olgan.

Latest from Blog