Islom Ismoilov. Foto: PFK Turon / Telegram

Futboldagi korrupsiya haqida gapirgan «Turon» murabbiyi lavozimini tark etdi

Yaypanning (Fargʻona viloyati) “Turon” futbol klubi bosh murabbiyi Islom Islomov Oʻzbekiston Superligasining sakkizinchi turida “Qizilqum” bilan kechgan oʻyindagi magʻlubiyatdan (0:1) soʻng 13-may kuni isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza yozdi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar qildi.

Jamoani vaqtincha polshalik mutaxassis Boguslav Baniak boshqarib turadigan boʻldi. Superliganing 9-turida “Surxon” jamoasi bilan oʻtkaziladigan uchrashuvga oʻyinchilarni Boguslav Baniak tayyorlaydi.

Qayd etish joizki, aynan Islom Ismoilov davrida “Turon” (2017-yilda tashkil etilgan) oʻz tarixida ilk bor Superligaga chiqqan edi. Oʻshanda Pro-liganing hal qiluvchi oʻyinida “Neftchi” (Fargʻona) ustidan gʻalabaga erishgan, oʻyin esa futbolchilar va muxlislar ishtirokidagi tartibsizliklar bilan yakunlangan edi.

Ismoilovning Oʻzbekiston chempionati oliy divizionidagi karyerasi muvaffaqiyatsiz kechdi. Birinchi ikki uchrashuvda “Turon” magʻlubiyatga uchradi. “Soʻgʻdiyona” bilan kechgan oʻyindan soʻng u futboldagi korrupsiya haqida gapirib, uning jamoasi darvozasiga bahsli penaltini belgilagan hakamni tanqid qildi.

Keyinroq OʻFA uchrashuv arbitri Viktor Serazitdinov ikkita holatda notoʻgʻri qaror qabul qilganini tasdiqladi va uni nomuayyan muddatga Superliga oʻyinlaridan chetlashtirdi. Murabbiyning oʻzi esa ikki uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi.

Biroq “Turon” qolgan uchrashuvlarda ham muvaffaqiyatsiz oʻynashda davom etib, 8 tur yakunlariga koʻra birorta ham uchrashuvda gʻalaba qozonmadi — beshta magʻlubiyat, uchta durang. Jamoa ayni vaqtda uch ochko bilan chempionatning oxirgi oʻrinida bormoqda.

Latest from Blog