Kadr: Telegram

“Fuqarolar rahbarlar va mutasaddilar ‘ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish’ maqsadida qo‘ylarni hokimlik hududiga haydab kelgan” — “Qo‘ylar mitingi” bo‘yicha viloyat prokuraturasi izoh berdi

6-aprel kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan mahalliy hokimlik binosi hududiga qo‘ylar haydab kelingandi. “Xalq so‘zi Onlayn”ning viloyat prokuraturasiga tayanib, ma’lum qilishicha, sodir etilgan norozilik namoyishi to‘liq o‘rganilgan.

O‘rganishlar natijasida, tumandagi “Qilichli” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yaylovlardan ijara shartnomalarisiz bepul foydalanish ilinjida mazkur yaylov maydonida 4 ming boshdan ortiq qo‘ylar boqilayotgani vaj qilib ko‘rsatilib, klaster rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar “ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish” maqsadida fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 1450 bosh qo‘ylar tuman markazida joylashgan Nurobod tumani hokimligi hududiga haydab kelingani aniqlangan.

Shundan so‘ng, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi raisi Erkin Xayitov va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda keng jamoatchilik, OAV vakillari va oqsoqollar ishtirokida mahalliy aholi bilan uchrashib, qorako‘lchilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha suhbat o‘tkazib, yaylovlardan foydalanish tartibi va huquqiy asoslari tushuntirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, yuqoridagi holat bo‘yicha Samarqand viloyati Nurobod tumani “Ag‘ron” mahallasida yashovchi fuqaro J.Ya.ning murojaati o‘rganilgan. Tegishli hujjatlarni o‘rganishlar davomida Nurobod tuman hokimi qaror qabul qilishda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni berish va yaylovlardan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘lgan.

Jumladan, Nurobod tuman hokim qaroriga asosan “A.I.S.” MChJga Nurobod tumani Toshquduq massividagi 2118k, 2119k, 2120k, 2121k va 2122k konturlarda joylashgan yaylov yer maydonlari lalmikor yer sifatida g‘allachilik bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan. Ushbu konturlardagi yer maydonlari Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining 2021-yil 27-martdagi 01002-sonli xatida uzoq yillardan buyon foydalanilmagan va ekin ekilmagan yaylov yer maydonlari ekani ham ko‘rsatilgan.

O‘rganishlar va Nurobod tuman hokimligi mas’ullari bilan olib borilgan tegishli harakatlar natijasida tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga olingan.

Latest from Blog