Fatvo: Katta tezlikda mashina haydash oqibatida vafot etgan haydovchi o‘z joniga qasd qilgan maqomida bo‘ladi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etish masalasidagi savollarga javob berdi. Quyida mazkur fatvorlardan bir qismini eʼtiboringizga havola etamiz.

Qayd etilishicha, Islom shariati yoʻl harakati qoidalariga — ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi. Yoʻl harakati qoidalariga rioya etish shariatning quyidagi uchta maqsadlariga yetishga xizmat qiladi:

  • Hayotni saqlash.
  • Avlodni saqlash.
  • Mulkni saqlash.

Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim boʻlgan koʻplab sunnatlar va odoblar mavjud. Eng muhim vazifa — inson ulovda yurganida oʻzi va oʻzgalarni xatarga qoʻymasligi, piyodalar, yoʻlovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yoʻl harakati ishtirokchilarining barchasi yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari lozim boʻladi. Qoidani buzish — boshqa bir yoʻl harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.

Islomning asos qoidalaridan biri hisoblangan hadisi sharifda Paygʻambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “(Islomda) Zarar koʻrish ham, zarar berish ham yoʻq” (Imom Bayhaqiy, 133-hadis). Ushbu sharʼiy qoidaga koʻra haydovchi oʻzgalarning joni, moliga yetkazgan zarari uchun javobgar boʻladi. Faqat haydovchiga bogʻliq boʻlmagan, uning aybi yoʻq holatlar — bundan mustasno hisoblanadi.

Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish boʻyicha doimiy qoʻmitasi kabi fatvo idoralari va jumhur ulamolar yoʻl harakati qoidalariga amal qilish — vojib ekani haqida xulosa berganlar. Demak, yuqoridagi sabablarga koʻra yoʻl qoidalariga amal qilishning lozimligi hamda uni buzganlarga moliyaviy jazolar qoʻllash joizligi kelib chiqadi.

Har bir musulmon haydovchi oʻzining beparvoligi, masʼuliyatsizligi, avtotransportga xizmat koʻrsatish va yoʻl harakati tartib-qoidalariga rioya etmaslik oqibatida baxtsiz hodisa roʻy bersa, amaldagi qonunlar asosida javob berishi, shariat nuqtayi-nazaridan esa gunohkor boʻlishi va Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida ham javob berishini unutmasligi lozim. Qurʼoni Karimda “Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u oʻzingizdandir…”, — deyilgan (Niso surasi 79-oyat).

Tezlikni cheklashda asosan haydovchi va yoʻlovchilarning hayotini saqlash nazarda tutiladi. Haydovchining bu cheklovni buzishi oʻzining va boshqalarning hayotini xatarga qoʻyish boʻladi. Shu bois qator fatvo markazlari va ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni muftiyati ruxsat etilgan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi oʻz joniga qasd qilgan boʻladi, deb fatvo bergan.

Taʼkidlash joizki, aksariyat yoʻl-transport hodisalari mast holda transport vositasini boshqarish sababli yuz beradi. Mast holda rulga oʻtirish amaldagi qonunlarni qoʻpol ravishda buzish, islomda esa ogʻir gunoh hisoblanadi. Asl qoida — transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga masʼuldir. Haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan yetkazgan zararga zomin (javobgar) boʻladi. Haydovchi yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib oʻzgaga zarar yetkazsa, javobgar boʻladi. Chunki islom shariatida haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi.

Haydovchi oʻzining, yoʻlovchilarning hamda boshqalarning xavfsizligiga
va salomatligiga ham masʼul hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan uning yoʻl harakati xavfsizligiga rioya qilishi Islom shariatida vojib hisoblanadi.

Shunga koʻra, yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaydigan kishiga transport vositasini boshqarish sharʼan joiz emas. Chunki u mazkur qoidalarni buzish orqali birovlarning haqlarini poymol qiladi, oʻzining ham, boshqaning ham hayotini xavf ostiga qoʻyadi hamda omma xalq manfaatlarini koʻzlab joriy qilingan nizomga qarshi chiqqan boʻladi. Bu esa — Islom shariatiga mutlaqo ziddir.

Ayrim holatlarda zaruratsiz signal chalish, ovoz chiqaradigan vositalarni baland qoʻyish bilan oʻzgalarga ozor berish hamda qorongʻi vaqtda koʻzni qamashtiradigan taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurish holatlari kuzatiladi. “Qoʻli va tili bilan oʻzgalarga ozor bermagan kishi — (komil) musulmondir” deyilgan (Imom Buxoriy, 6484-hadis) hadisga koʻra bunday harakatlar dinimizda qaytarilgan amal hisoblanadi.

Transport vositasini yoʻl yurishga toʻliq javob beradigan darajada yaroqli boʻlishi ham dinimiz talablaridan sanaladi. Shu bois haydovchi transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va toʻliq jihozlanganligini tekshirishi va yoʻlga toʻla-toʻkis tayyorlashi kerak. Fiqhiy qoidaga koʻra, “Vojib usiz mukammal boʻlmaydigan ish ham — vojibdir”. Demak, transport vositasini haydash joiz boʻlishi uchun ushbu texnika yoʻlga toʻla yaroqli boʻlishi lozim. Transport vositalarining texnik holati va jihozlari meʼyoriy talablarga toʻla muvofiq boʻlishi kerak. Aks holda — transport vositasini haydash sharʼan mumkin boʻlmaydi. Shu jumladan, foydani koʻzlab yuk tashishga moʻljallangan transport vositasini belgilangan vazndan ortiq yuklash ham yoʻl harakati xavfsizligiga, demak, insonlarning hayotiga tahdid solishi sababli sharʼan joiz emas.

Islomda naqliyot vositalariga alohida eʼtibor beriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻsha vaqtda miniladigan barcha ulovlardan yaroqli holda foydalanishga, yaxshi parvarish qilishga buyurganlar. Transport vositasi yoʻlga yaroqli boʻlishi lozim boʻlganidek, uni haydovchi shaxs ham uni haydashga layoqatli boʻlishi sharʼan vojib. Yaʼni haydovchi oʻzi minmoqchi boʻlgan transport vositasini haydashga ayni vaqtda aqlan va jismonan layoqatli boʻlishi hamda kerakli bilim va tajribaga ega boʻlishi lozim. Aks holda, u oʻzining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qoʻyishi muqarrar. Bu esa sharʼan harom hisoblanadi. Shuning uchun, haydovchi shaxsning transport vositasini bezarar, oʻziga ham, boshqalarga zarar keltirmay boshqarishiga toʻla ishonchi boʻlmasa, ayniqsa, mastlik holatida, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida transport vositasini boshqarish sharʼan joiz emas.

Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, baxtsiz hodisalarda eng koʻp aybdorlar yosh haydovchilardir. Ularning uquvsizligi va tajribasizligi borasidagi Alloh taoloning huzuridagi masʼuliyat — haydovchilarning oʻqitish tizimidagi masʼullarning zimmasidadir. Ular haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha zimmalaridagi vazifalarini vijdonan bajarishlari, yetarli bilim va malakaga ega boʻlmagan oʻquvchilarga haydovchilik guvohnomasini bermasliklari lozim. Aks holda malakasiz haydovchining sodir etayotgan yoʻlbuzarliklariga bu dunyoda ham, Qiyomatda ham tegishli tarzda javobgar boʻladilar. Hadisda taʼkidlangan: “Barchangiz qoʻl ostingdagilarga masʼulsizlar” (Imom Buxoriy, 2409-hadis).

Shuningdek, piyodalar ham yoʻl harakatida oʻz hayotlarini xatarga qoʻymasliklari talab etiladi. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yoʻlkasidan, faqat ular boʻlmagandagina ehtiyotlik bilan yoʻl yoqasidan yurishlari, yoʻlning qatnov qismini piyodalar oʻtish joylaridan, shuningdek yer osti va yer usti oʻtish joylaridan, ular boʻlmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yoʻl yoqasi boʻylab kesib oʻtishlari kerak. Ushbu qoidalarni buzish insonning bila turib oʻz hayotini xatarga qoʻyishi hisoblanib, bunday ish qilgan musulmon shariat nuqtayi nazaridan gunohkor boʻladi.

Yoʻl odoblaridan muhimlari — oʻzaro iltifot koʻrsatish va hurmat bilan munosabatda boʻlish hisoblanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga oʻn barobar (koʻpaytirib yozilur)…” deb taʼkidlagan (Anʼom surasi 160-oyat).

Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:

  • dunyodagi aksariyat fatvo uyushmalari va islom ulamolari xulosasiga muvofiq, yoʻl harakati qoidalariga amal qilish sharʼan vojib amal hisoblanadi. Zero, mazkur qoidalar shariatimiz taʼlimotlariga toʻgʻri keladi. Musulmonlar ushbu qoidalarga eʼtiqodan va qunt bilan amal qilishlari kerak;
  • ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida roʻy bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi sharʼiy jihatdan haddidan oshgan va oʻz joniga qasd qilgan maqomida hisoblanadi.
  • yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaydigan yoki bunga layoqati boʻlmagan shaxslarning transport vositasini boshqarishi joiz emas;
  • yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan holatda transport vositasini boshqarish sharʼan joiz emas;
  • transport vositasi yoʻlga yaroqli boʻlmagan holatda undan foydalanish sharʼan man etiladi;
  • yoʻl jamoa foydalanadigan tarmoq ekani sababli yoʻl harakati ishtirokchilari oʻzaro odob va madaniyat bilan munosabatda boʻlishlari, boshqalarga xalaqit berishdan, qoʻpol soʻz va xatti-harakatlardan saqlanishlari lozim.

Musulmon kishini yoʻl harakati qoidalari, odob va madaniyatlariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yoʻl harakati havfsizligi boʻlinmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, balki amaldagi yoʻl harakati qonun-qoidalariga amal qilish — Islom shariatining talabi deb eʼtiqod qilgan holda bajarishi kerak. Shunda yoʻlda yurish ham ibodatga aylanadi. Vallohu aʼlam.

Latest from Blog