Farhod Roziyev «O‘zbektelekom» bosh direktori etib tayinlandi

Farhod Roziyev «O‘zbektelekom» bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda shanba kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmedxodjayev e’lon qildi, deya xabar berdi kompaniya sayti.

Foto: uztelecom.uz

U mazkur lavozimga kompaniyani 2017-yil martidan buyon boshqarib kelayotgan Shuhrat Qodirov o‘rniga tayinlandi. Yangi bosh direktorni tanishtirar ekan, vazir Shuhrat Qodirovga minnatdorchilik bildirib, kompaniya oldida boshlangan islohotlarni davom ettirish va joriy taraqqiyot sur’atini saqlab qolish vazifasi turganini ta’kidlab o‘tdi.

Farhod Roziyev (1979-yilda tug‘ilgan) Jahon diplomatiyasi va iqtisodiyoti universitetini tamomlagan. Sarkor Telecom kompaniyasida menejerlikdan bosh direktorlikkacha yo‘lni bosib o‘tgan. 2007-yildan Winncom Technologies Corp kompaniyasida Markaziy Osiyo va Ukrainada biznesni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

2011−2012-yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasida Uzonline loyihasi rahbari va Uzmobile filial direktori lavozimlarida ishlagan.

Shuhrat Qodirovning qaysi lavozimga tayinlangani to‘g‘risida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Latest from Blog