Farg‘onadagi ko‘p qavatli uylar hovlilarida qurilish ishlari to‘xtiladi

Fargʻona shahrida koʻp qavatli turar-joylar oʻrtasida barcha qurilishlar toʻxtatiladi, poydevor uchun qazilgan kotlovanlar koʻmiladi, bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Fargʻona shahridagi “Doʻstlik” hamda “Gulzor” mahallalarida aholi yashash sharoitlarini koʻzdan kechirdi. Hududni oʻrganish jarayonida koʻp qavatli turar-joylar orasida yashil maydonlar hududidagi daraxtlar kesilgani, bolalar va sport maydonchalari buzilib, oʻrniga yangi binolar qurilishi boshlanganiga guvoh boʻldi.

Mahalliy aholi viloyat hokimi bilan muloqot chogʻida yangi qurilayotgan binolar sababli mahallada aholi yashashi uchun noqulayliklar yuzaga kelayotgani, bolalar uchun ochiq havoda oʻynashga, kattalar va keksalar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmaganini bildirgan.

Maʼlumotga koʻra, Xayrulla Bozorov shahar hokimi va prokuroriga Fargʻona shahrida koʻp qavatli turar-joylar oʻrtasida olib borilayotgan barcha qurilishlarni toʻxtatish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bogʻliq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq berdi.

Poydevor uchun qazilgan kotlovanlarning barchasi koʻmib tashlanishi, qurilishi yakunlanish bosqichida boʻlgan inshootlarning har biri qonuniyligi boʻyicha shahar prokuraturasi tomonidan oʻrganilishi vazifasi yuklandi.

Barcha hududlarda buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, qurilish egalari kesilgan har bir daraxt oʻrniga 100 tupdan manzarali daraxt ekishi taʼminlanishi kerak boʻladi. Toʻxtatilgan qurilishlar oʻrniga tadbirkorlarga bino qurish uchun boshqa joydan yer maydoni taklif etilishi koʻzda tutilmoqda.

Xayrulla Bozorov, shu bilan birga hududdagi atrof-muhit tozaligiga eʼtiborsizlikka, chiqindilarning sochilib yotganiga, turar-joylar atrofida obodonlashtirish ishlarining umuman yoʻlga qoʻyilmagani va binolarga birikkan holda vaqtinchalik qoʻshimcha inshootlar qurib tashlanganiga alohida tanqidiy eʼtibor qaratdi.

“Fargʻona turar-joy massivlarida fayz boʻlishi shart”, — degan viloyat hokimi. U shahar mahallalarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish boʻyicha alohida manzilli dastur ishlab chiqish yuzasidan shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayevga topshiriqlar berdi.

Moturidiy koʻchasi hududidan oqib oʻtuvchi katta ariq ustida qurilgan obyektlar olib tashlanib, suv qirgʻogʻi boʻylab velosiped minish hamda sayr qilish uchun ekoyoʻlak tashkil etiladigan boʻldi, deyiladi xabarda.

Xayrulla Bozorov 2020-yil sentyabr oyidan buyon Fargʻona viloyati hokimi vazifasini bajarib kelgan. 5-fevral kuni Fargʻona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Fargʻona viloyatining hokimi etib tasdiqlangan.

Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahridagi “Shodiyona” mahallasiga borib, MFY binosi, tozalab, tartibga keltirilmagan hovlilar, taʼmirtalab xonalarni koʻrib, mahalla rahbarlarining tashabbussizligini tanqid qildi. Oʻz vazifalarini bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari uchun shahar hokimi Hamid Xabibidinov shuningdek, prokuror, ichki ishlar va soliq inspeksiyasi boshligʻi ishdan olingan edi.

Latest from Blog