Foto: IIV matbuot xizmati

Facebook’da Shavkat Mirziyoyev nomidan sahifa ochib, pul evaziga yordam berishni taklif qilgan shaxs ushlandi

IIV matbuot xizmati Facebook ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga ochilgan soxta sahifadan foydalanib, firibgarlik holati sodir etilgani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, noma’lum shaxs O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida soxta profil ochgan. Ushbu profil orqali o‘zini O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari deb tanishtirib, fuqarolar bilan muloqotga kirishgan va turli masalalarda, xususan, uy-joy va bank kreditlari ajratish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.

O‘z xizmati evaziga u bank plastik kartasiga 50 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha pul o‘tkazishni so‘ragan.

Olingan tezkor ma’lumotlar natijasida 5-fevral kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida tezkor texnik qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, ushbu noqonuniy harakatlarni Chirchiq shahar 3-kichik tumanida vaqtincha yashovchi 32 yoshli M.M. sodir etgani aniqlanib, telefon qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Xabarda aytilishicha, M.M.ga nisbatan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Latest from Blog