Endi jismoniy shaxslar ham avtomobilini notarial hujjatlarsiz ijaraga berishi mumkin

Hukumatning tegishli qarori loyihasi bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Unga koʻra, kelgusida yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslarga ham yengil avtomobillar va mototransport vositalarini 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga, notarial rasmiylashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida roʻyxatdan oʻtkazishni talab etmaydigan qisqa muddatli ijaraga berish huquqi taqdim etilishi mumkin.

Buning uchun ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi oʻrtasida tegishli tartiblar yoʻlga qoʻyiladi.

Jumladan, qisqa muddatli ijaraga berishga moʻljallangan transport vositalari Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan talablarga muvofiq maxsus taniqlik belgiga ega boʻlishi talab qilinadi.

Shuningdek, transport vositasini qisqa muddatli ijaraga olgan shaxslar tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida ijaraga beruvchiga Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining “Maʼmuriy amaliyot” avtomatlashtirilgan axborot tizimining maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

Bundan tashqari shartnoma tuzilguniga qadar ijarachi butlovchi qismlarning mavjudligini tekshirish uchun transport vositasini koʻrikdan oʻtkazishni talab qilish huquqiga ega. Transport vositasida nuqson yoki nosozliklar aniqlangan taqdirda, ijarachi uni almashtirish yoki nosozliklarni bartaraf etishni talab qilishga haqli boʻladi.

Latest from Blog