Elektr va gaz taʼminoti uchun yangicha toʻlov tartibi joriy etildi

29-may kuni elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: giga.ua

Farmon talablariga koʻra, elektr energiyasi va tabiiy gaz boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, energiya resurslari uchun qarzdorlik mavjud boʻlganda isteʼmolchilarni tarmoqdan uzish tartibi belgilandi.

2017-yil 1-iyuldan boshlab isteʼmolchi — jismoniy shaxslar har oyning 10 sanasiga qadar oʻtgan oyda foydalanilgan energiya resurslari uchun toʻliq hisob-kitob qilishlari shart. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga energiya resurslari oldindan 100 foizlik haq toʻlash asosida yetkazib beriladi.

Bundan buyon toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan isteʼmolchilar tarmoqdan majburiy uziladi. Ularni qayta ulash uchun jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining ikki barobari, yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining oʻn barobari miqdorida toʻlov undiriladi.

Farmon ijrosi doirasida manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan energiya resurslari isteʼmolchilari xatlovdan oʻtkaziladi. Bunda kadastr hamda loyiha hujjatlari, shartnomalar, tarmoqlarga ulanish sxemalari, hisobga olish asboblari va ularning sozligi oʻrganilib, amaliy yordam koʻrsatish hamda ushbu sohada qonuniylikni taʼminlash choralari koʻriladi.

Shu bilan birga, energiya resurslari uchun toʻlovlarni undirilishiga, talon-taroj holatlarini aniqlash boʻyicha Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

Latest from Blog