DXAdan fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olish muddati va narxi qisqardi.

Davlat xizmatlari agentligi va kadastr tizimi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining navbatdagi hujjati tasdiqlandi.

Pasport

Yangi qaror bilan bir qator xizmatlar olish tartibi soddalashtirilmoqda. Bular:

– kadastr pasporti;

– fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;

hamda

– ipoteka shartnomalarini;

– koʻchmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini;

– yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqini (servitut) roʻyxatdan oʻtkazish davlat xizmatlari.

Avval ushbu hujjatlarni olish uchun faqatgina koʻchmas mulk joylashgan kadastr boʻlimiga murojaat etish kerak boʻlgan. Endi esa, Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan aksariyat xizmatlar singari eksterritorial tartibda olish imkoni yaratilgan. Xizmatni, shuningdek elektron ravishda my.gov.uz portali orqali olish ham mumkin.
Bundan tashqari, xizmat olishning aniq tartibi boʻlmagani bois, xodimlar oʻzlari istagan vaqtda koʻrsatishi mumkin edi. Yangi tartibga koʻra esa kvartira uchun kadastr pasportini – 3 ish kunida, hovli uchun – 5 ish kunigacha olish mumkin.

Kadastr (yigʻmajildi) pasporti yoʻqolganda (yaroqsiz holga kelganda), qogʻoz yoki plastik shaklda yangi kadastr pasporti 2 ish kuni mobaynida beriladi.

Koʻchmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi boʻyicha hujjat, maydoniga qarab 5 ish kunidan 25 ish kuniga qadar boʻlgan muddatda tayyor boʻladi.

Avvalgi tartibga koʻra, koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquq turi yoki egasi oʻzgarganda, lekin obyektning texnik parametrlari oʻzgarmagan taqdirda ham majburiy ravishda kadastr pasportini qayta rasmiylashtirish kerak boʻlardi. Bu esa fuqarolar tomonidan 2 marotaba mablagʻ sarflanishiga (kadastr pasporti va reyestrdan koʻchirma olish) sabab boʻlgan. Bu tartib bekor qilinmoqda.

Shuningdek, yangi tartibga koʻra, koʻchmas mulk obyekti egasi oʻzgarganda, kompozit xizmatdan foydalanib, bir ariza bilan reyestrdan koʻchirma va kadastr pasportini bir vaqtda olish imkoni yaratiladi.

Yana bir yangilik — fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomani olish muddati 5 ish kunidan 3 ish kuniga qisqardi. Maʼlumotnoma olish narxi esa qariyb 38 ming soʻmga kamayib (bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizdan 3 foizga), bugungi kunda 6 690 soʻmni tashkil qiladi, avval 44 690 soʻm edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog