Dushanbe xalqaro konferensiyasida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar istiqboli muhokama qilinmoqda

Ayni daqiqalarda Dushanbe shahrida boʻlib oʻtayotgan xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Unda dastlabki maʼruzachi tojikistonlik falsafa fanlari doktori, akademik Karomatullo Olimov “Alautdin Bogoutdinov va Ibrohim Moʻminovning doʻstligi – oʻzbek-tojik faylasuflari oʻrtasidagi hamkorlikning ilmiy ramzi” mavzusida chiqish qildi deb yozmoqda OʻzA.

Mutaxassis oʻz soʻzida bu ikki olimning ilm-fan sohasidagi Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligiga qoʻshgan ulkan hissasini taʼkidlab, tarixiy ildizlari mustahkam mazkur aloqalar bugungi kunda ikki davlat ilm-fan namoyandalari tomonidan munosib davom ettirilayotgani, ayniqsa bu hamkorlik keyingi yillarda izchillik va samaradorlik kasb etayotganini qayd etdi.

Navbatdagi ekspert Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori, falsafa fanlari doktori, professor Xurshed Maxshulzoda Ziyoiy oʻzining “Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasida mustaqillikka erishilgandan keyingi siyosiy munosabatlar” mavzusida maʼruzasini taqdim etdi.

Shundan keyin maʼruza qilish navbati mamlakatimiz vakili — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, siyosiy fanlar nomzodi Eldor Aripovga berildi.

E.Aripovning “Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashning hal qiluvchi omili” mavzusidagi chiqishi anjuman ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Notiq oʻz soʻzida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov davlat rahbarligiga kelgach, Markaziy Osiyoni mamlakat tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilagani, ayni jarayonda Tojikiston bilan munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish asosiy maqsadlardan biri ekanini taʼkidladi. Maʼruza davomida davlatlarimiz oʻrtasidagi koʻplab sohalarda izchil rivojlanayotgan aloqalar, hamkorlik koʻlami jadal surʼatda kengayib borayotgani tahlillar, statistik raqamlar yordamida asoslab berildi.

Masalan, soʻnggi uch yil tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, 2016-yil ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi 200 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yil oxiriga kelib ushbu koʻrsatkich ikki baravar ortib, 497 million dollarga yetdi. Butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan muayyan cheklovlar joriy qilinishiga qaramasdan, 2020-yilning yanvar-iyul oylarida oʻzaro mahsulot ayirboshlash koʻrsatkichi 275,2 million dollarga teng boʻldi.

Konferensiya davom etyapti.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog