Foto: Xs.uz

DSQ soliq tizimi xodimlari daromadlari va aktivlarini majburiy deklaratsiyalashni taklif etmoqda

/

Davlat soliq qoʻmitasi soliq xizmati xodimlari tomonidan har yili daromadlari va egaligida boʻlgan aktivlar toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etish boʻyicha majburiy talabni belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.

Loyihada davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari 2020 yilda olgan daromadlari va egaligida boʻlgan aktivlari toʻgʻrisida 2021 yilning 1 sentyabriga qadar hamda kelgusi yildan boshlab har yili 1 aprelga qadar deklaratsiya taqdim etishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari zimmasiga deklaratsiya topshirish talabini yuklash va ushbu talabga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritiladi.

Endilikda davlat soliq xizmati organining har bir xodimi koʻchar va koʻchmas mulklari, boshqa aktivlari, shuningdek hisobot yilida olgan daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda deklaratsiya taqdim etishi shart boʻladi.

Deklaratsiyalarni qayta ishlash natijasida olingan axborotlar shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, jamoatchilik uchun ochiq holda maxsus ochiq.soliq.uz veb-saytiga joylashtirish taklif etilmoqda.

Masalan, koʻchmas mulk boʻyicha obyektning turi, umumiy maydoni va obyektning joylashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majburiy ravishda koʻrsatilishi shart. Avtomobillar haqidagi maʼlumotlarda avtomashina rusumi, modeli va ishlab chiqarilgan yili aks ettiriladi.

Latest from Blog