Dori-darmonlarni yanada arzonlashtirish boʻyicha yangi qaror qabul qilindi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorini imzoladi. Qaror matni Jahon axborot agentligi tomonidan keltirilgan.

Foto: Owoman.ru

Fuqarolarni arzon narxlarda zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishining muhim sharti hisoblanadi.

Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholini arzon dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash, shuningdek ularning narxlarini sunʼiy oshirib yuborish holatlarining oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan ulgurji savdo uchun — sotib olingan qiymatning 15 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda, chakana savdoda esa — ulgurji narxning 20 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda cheklangan savdo ustamalari belgilandi.

Farmatevtika sanoatini rivojlantirish maqsadida tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshirildi, mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni kengaytirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi.

Shu bilan birga, aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar kuzatilmoqda:

— amaldagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillar ularni yetkazib berish muddatlarining sunʼiy kechiktirilishi va ichki bozordagi taqchilligi yuzaga kelishiga olib kelmoqda;

dori vositalari va tibbiyot buyumlariga boʻlgan ehtiyojni belgilash boʻyicha aniq mexanizmlarning mavjud emasligi import va mahalliy ishlab chiqarish muvozanatini taʼminlash hamda mahalliy korxonalar tomonidan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni prognoz qilish imkonini bermayapti;

— import qilinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga cheklangan narxlarni belgilash tartibining mukammal emasligi kuzatilmoqda;

— farmatevtika mahsulotlari ishlab chiqarishning yetarli darajada mahalliylashtirilmaganligi mahalliy farmatsevtika korxonalarining import xomashyosi va materiallariga yuqori darajada qaramligini yuzaga keltirmoqda, oqibatda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxlari keskin oshmoqda;

— dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish boʻyicha hududiy komissiyalarining faoliyati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan, bu litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Qarorga muvofiq 2017-yil 1-avgustdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish faqatgina «Oʻzmedeksport» respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu korxonaga ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini joriy yilning ikkinchi yarmida qoʻshimcha ehtiyojdan kelib chiqib yetkazib berilishini taʼminlash topshirildi.

Bundan tashqari, tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlash sifatini yanada oshirish maqsadida ushbu faoliyatning faqatgina davlat sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Dorixonalar faoliyatini tashkil etish boʻyicha yangidan joriy etilgan talablarga asosan ularning dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish boʻyicha amaldagi litsenziyalari 2018-yil 1-yanvarga qadar qayta rasmiylashtirilishi shartligi belgilandi. Bunda qayta rasmiylashtirish yangi litsenziyalovchi organ — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu maqsadlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmasida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish shoʻʼbalari tashkil etilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash darajasini oshirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixona tarmoqlari tashkil etilib, aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish ularning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Umuman olganda, qabul qilingan qaror fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, aholini arzon narxlarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish imkonini beradi.

Latest from Blog