Donald Tramp: Xitoy bilan hamkorlik vaqtning zoye ketishidir

Xitoy bilan ishlash vaqtning behuda ketishidir. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Twitterda bayonot berdi. “Biz endigina ajoyib Bitimga erishgandik, hatto siyohi ham qurimagan edi va dunyo Xitoydan kelgan vabodan aziyat chekdi”, — deya yozdi Tramp koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatni izohlar ekan.

Kuni kecha Oq uy rahbari Pekin bilan erishilgan savdo kelishuvlarini qayta koʻrib chiqish niyatida emasligini aytgan edi. OAVning maʼlumotiga koʻra, Xitoy kelishuvdan chiqishni va AQSHdagi COVID-19 pandemiyasi fonida oʻzi uchun foydali boʻlgan shartlarni qoʻymoqchi.

Oʻz navbatida senator-respublikachi Lindsi Grem “COVID-19 uchun masʼuliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqilishini taklif qildi. Hujjat Trampga, agar Pekin koronavirus infeksiyasi tarqalishi boʻyicha toʻliq hisobot bermaydigan boʻlsa Xitoyga nisbatan sanksiya qoʻllash uchun imkoniyat beradi.

AQSH va Xitoy yanvar oyi oʻrtalarida savdo-iqtisodiy Bitimni imzolagan edi. Hujjat AQSHdan Xitoyga ikki yil davomida 200 milliard dollarlik neft, gaz va koʻmir eksportini, shuningdek Xitoy mahsulotlari uchun Amerika bojlari qisqartirishini oʻz ichiga oladi.

Tramp koronavirus tarqalishi uchun masʼuliyatni infeksiya ilk tarqalgan Xitoyga yuklaydi. Xuddi prezident singari AQSH davlat kotibi ham virus Uxandagi laboratoriyadan sizib chiqqan boʻlishi ehtimolini aytadi. AQSH razvedka hamjamiyati bunga dalil borligi yuzasidan rasman bayonot bermadi. Xitoy bu imkoniyatlarni qatʼiyan inkor qiladi.

Reuters agentligi Xitoy maxsus xizmatlariga tayangan holda xabar berishicha, koronavirus pandemiyasi atrofidagi vaziyat va uning oqibatlari AQSH va Xitoy oʻrtasida qarama-qarshiliklarga olib kelishi va jahonda Pekinga qarshi dushmanona kayfiyatni paydo qilishi mumkin ekan.

AQSH dunyoda COVID-19dan eng koʻp zarar koʻrgan mamlakat hisoblanadi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bu mamlakatda salkam bir yarim million kishining koronavirus infeksiyasiga chalingani aytilmoqda. 84 mingga yaqin bemor vafot etdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog