Foto: Elements Envato

COVAX dasturi doirasidagi vaksinalardan biri avgust oyida yetkazib berilishi kutilmoqda

Avgust oyida COVAX dasturi doirasida JSST tomonidan tan olingan vaksinalardan biri Oʻzbekistonga yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Botir Qurbonov maʼlum qildi.

“Avgust oyida Oʻzbekistonga COVAX dasturi doirasida AstraZeneca (CovieShield emas), Pfizer, Moderna yoki JSST tasdiqlagan boshqa vaksina kelishi kutilmoqda”, — dedi u.

Oʻzbekiston COVAXʼga avgust oyida qoʻshilgan. Dasturning maqsadi litsenziyalangan vaksinani uning barcha ishtirokchilari oʻrtasida teng ravishda taqsimlashdir. Mamlakatga 2 mln.dan ortiq dozada AstraZeneca vaksinasini yetkazib berish rejalashtirilgan. Mart oyining oʻrtalarida 660 ming dozadan iborat birinchi partiya qabul qilingan.

Avvalroq, Oʻzbekistonga Rossiyaning “Sputnik V” 240 ming dozasi va ZF-UZ-VAC2001 xitoy-oʻzbek vaksinasining 4,5 mln. dozasi keltirilgan edi.

Yanvar oyida Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev Oʻzbekistonga Pfizer va BionTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 100 ming dona vaksina olib kelinishi haqida maʼlum qilgan edi.

Avvalroq Interfax.uz AQSh dunyo mamlakatlarining ehtiyojiga qarab global miqyosda 80 million doza vaksina tarqatishi haqida xabar qilgan edi.

Latest from Blog