Foto: “Siniy_begemot.livejournal.com”

Chorvoq suv ombori atrofi o‘rmonlashtiriladi

Vazirlar Mahkamasi 6-avgust kuni “Chorvoq suv ombori atrofidagi tog‘ va tog‘oldi hududlarda o‘simlik qoplamining qisqarishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi, deya xabar qilmoqda Daryo.uz nashri.

Hujjatga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida so‘nggi 10 yillikda Chorvoq suv ombori atrofida yaylovlardan iborat landshaftlarda o‘simlik qoplami keskin kamayib bormoqda. Bu jarayon tuproq qatlami mustahkamligiga ta’sir etmoqda va chang miqdorining havoga tez ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

Hukumat qarori bilan 2021-yil 1-oktabriga qadar Chorvoq suv ombori atrofi va unga tutash hududlardagi barcha toifadagi yerlarda o‘rmon bilan qoplangan va o‘rmon barpo qilish mumkin bo‘lgan maydonlarni xatlovdan o‘tkazish belgilanmoqda. Xatlov natijasi asosida belgilangan tartibda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni o‘rmon fondi yerlari toifasiga o‘tkazish hamda chorva mollarining boqilishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, Chorvoq suv ombori atrofi va unga tutash hududlarda yerlar degradatsiyasining oldini olish, kuchli shamol va changli bo‘ronlar ta’sirini yumshatuvchi ihota daraxtzorlari barpo etiladi.

Geoaxborot texnologiyalari, shu jumladan, yerni masofadan zondlash va kosmik monitoring texnologiyasini keng joriy etgan holda o‘rmon fondining hayotiy davri haqidagi aniq va doimiy ma’lumotlarni tahlil qilish, o‘rmon fondi degradatsiyasi va o‘rmonlarning noqonuniy kesilishini aniqlash va nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Hujjat bilan, shuningdek, aholi yashaydigan va maxsus turistik xona hisoblangan tog‘ va tog‘oldi hududlarida tabiiy omillar ta’sirini yumshatish, yerlar degradatsiyasining oldini olish, o‘simlik va hayvonot dunyosi muhofazasi va ularni qayta tiklash bo‘yicha ilmiy yechimlarni aniqlash hamda yangi texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar tanlov asosida tashkil etiladi.

O‘rmon barpo qilish tadbirlari 2021—2023-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Chorvoq suv ombori atrofi va unga tutash hududlardagi barcha toifadagi yerlarda o‘rmon barpo etish ishlari buyurtmachisi etib belgilandi.

Latest from Blog