Foto: Chexiya politsiyasi

Chexiya Rossiyadan Vrbetitsadagi portlashlar uchun 25,5 million yevro talab qildi

/

Chexiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Martin Smolek Rossiya elchisi Aleksandr Zmeyevskiyga Chexiyaning Vrbetitsa qishlog‘idagi o‘q-dorilar omborlarida sodir bo‘lgan portlashlar oqibatidagi zararni to‘lashni talab qiluvchi nota topshirdi. Portlashlarda Rossiya maxsus xizmatlarining qo‘li bor deya gumon qilinayotgandi.

Moskva Chexiyaning zararni qoplash to‘g‘risidagi ushbu da’vosini tovlamachilik sifatida qabul qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining Telegram-kanalida Chexiya “qilinmagan ish uchun” tovon puli talab qilayotganini yozdi.

“Shuni eslatib qo‘ymoqchiman. Odatda bunday usulda, ya’ni sudsiz va tergovsiz, tahdid va haqorat bilan pul talab qiladiganlarni tovlamachilar deyishadi”, — qo‘shimcha qilgan Zaxarova.

Chexiyaning yirik nashri Mlada fronta Dnes xabar berishicha, Chexiya hukumati zararni 650 million chex kronasi (25,5 million yevrodan ko‘proq) deb baholagan. May oyida Chexiya moliya vaziri Alena Shillerova Rossiyadan bir milliard chex kronasi talab qilinishi mumkinligini aytgandi.

Chexiyaning Vrbetitsa qishlog‘idagi qurol-aslaha omborlarida 2014-yil oktabr oyida portlashlar sodir bo‘lgan. O‘shanda ikki kishi vafot etgan.

2021-yilning aprel oyida Chexiya rasmiylari ushbu voqeada Rossiya maxsus xizmatlarini aybladi. Buning ortidan Chexiya 18 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi. Shuningdek, Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Yevroittifoq mamlakatlari rahbariyatini Chexiya hukumati bilan birdamlik ramzi sifatida hech bo‘lmaganda bir nafardan Rossiya diplomatlarini chiqarib yuborishga chaqirdi.

May oyi o‘rtalarida Chexiya prezidenti Vrbetitsadagi portlashlar sababini kamomadni yashirishga urinish deb atadi. Shuningdek, u voqea sababining dastlabki versiyasi o‘q-dorilarni saqlashda beparvolikka yo‘l qo‘yilishi ekanini eslatib o‘tdi. Bosh vazir va adliya vaziri esa voqeada faqat Rossiyadan gumon qilinayotganini ta’kidladi.

Shunday vaziyatda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Chexiyaning Vrbetitsadagi portlashlarga oid tekshiruvini chalkash deb atadi va biror tayinli natijaga erishish ham dargumonligini aytdi.

Latest from Blog