CDC Oʻzbekistonda COVID-19 ga qarshi kurash uchun 2 million dollar ajratadi

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19 ga qarshi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi, buning 2,07 million dollari esa Oʻzbekistonga beriladi.

Foto: aawsat.com

Bu mablagʻni CDC Oʻzbekistonda Sogʻliqni saqlash vazirligi aniqlagan eng shoshilinch ehtiyojlarni qondirishga sarflaydi. Jumladan, mablagʻ COVID-19 testlari uchun laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalar sotib olishga sarflanib, buning natijasida infeksiyani tashxislar qobiliyati oshishiga va test natijalari tezda oʻzgarishiga erishiladi. Shuningdek, ajratilgan mablagʻ CDC Atlantada ochganiga oʻxshash Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida shoshilinch tibbiy operatsiyalar markazini tashkil etish maqsadida tegishli jihoz xarid qilish va trening oʻtkazishga sarflanadi. CDC chegara kirish punktlarida tekshiruvdan oʻtkazish uchun texnik koʻmak ham beradi, bu esa mamlakatning chegaralarda shaxslarni aniqlash va javob qaytarish qobiliyatini mustahkamlaydi.

“Biz Markaziy Osiyodagi COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha yanvar oyidan boshlab yaqindan monitoring olib bormoqdamiz hamda mintaqadagi barcha hukumatlarga kasallik avj olishiga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlash uchun texnik koʻmak taklif qilib kelmoqdamiz,”- dedi Qozogʻistonning Almati shahridan turib telefon orqali oʻtkazilgan press-brifingda soʻzlagan CDC Markaziy Osiyo boʻyicha direktori, d-r Deniyel Singer.

“Ushbu mablagʻ bizga virus tarqalishini sekinlashtirish boʻyicha mamlakatlar koʻrayotgan chora-tadbirlarni yana-da kuchaytirishga imkon beradi. Bunda CDCning mintaqada koʻp yillardan buyon OIV va sil kasalligini nazorat qilish hamda gripp va boshqa pandemik kasalliklarga tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan ishlariga asoslaniladi. CDCning sogʻliqni saqlash xavfsizligini yaxshilashga yoʻnaltirilgan sarmoyalari tahdidlarga, shu jumladan hozirgi koronavirus epidemiyasiga tez va samarali tayyorgarlik koʻrish uchun poydevor vazifasini oʻtadi va biz sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan hamkorligimiz har qachongidan ham muhimroq ekanini his qilmoqdamiz”,- dedi janob Singer.

CDC Markaziy Osiyo boʻlimi mintaqadagi sogʻliqni saqlash vazirliklariga virus tarqala boshlagan paytdan buyon treninglar oʻtkazish hamda shoshilinch amaliyotlar, laboratoriya ishlari, infeksiyaning oldini olish va nazorat qilish, chegaralarda tekshiruv, xatarlar boʻyicha axborot almashuvi, jamoatchilik ishtiroki va kasallikni nazorat qilishda texnik koʻmak berish orqali qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Bundan tashqari, u yetakchi xalqaro sogʻliqni saqlash tashkilotlari nashr etgan texnik qoʻllanmalarni keng ommaga tarqatish uchun rus tiliga tarjima qilmoqda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog