Foto: MSN

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatlari avtobus bekatida topildi

/

Buyuk Britaniyaning Kent grafligidagi avtobus bekatida o‘tkinchi odam tomonidan Britaniya mudofaa vazirligiga tegishli maxfiy hujjatlar topildi. Hujjatlar orasida bir necha kun avval Qrim yaqinidan suzib o‘tgan Defender esminetsining Qora dengizda harakatlanishi haqidagi ma’lumotlar ham bo‘lgan.

50 sahifadan iborat pachkani topgan shaxs gap maxfiy axborot haqida borayotganini anglagach, BBC telekanaliga murojaat qilgan. U o‘z shaxsi noma’lum qolishini istagan.

Hujjatlarning bir qismi iyunda Qrim yaqinidan suzib o‘tib, Rossiya harbiylari tomonidan qat’iy javob choralari ko‘rilishiga sabab bo‘lgan Defender esminetsi haqida bo‘lgan.

Hujjatlarda esminetsning Qora dengizda harakatlanishiga javoban Rossiyaning munosabati qanday bo‘lishi mumkinligiga baho berilgan. Jumladan, Britaniya mudofaa vazirligida rossiyalik harbiylar ko‘rishi mumkin bo‘lgan javob choralarining «xavfsiz va professional»dan tortib «xavfli va noprofessionalgacha» bo‘lgan uchta varianti ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, hujjatlardan Britaniya mudofaa vazirligi kema yo‘nalishining ikkita variantini hozirlab qo‘ygani ma’lum bo‘lgan. Ulardan biri esminetsning Qrimdan ancha naridan o‘tishi va Rossiya tomonidan e’tirozga sabab bo‘lmasligini ko‘zda tutgan. Biroq Londonda ta’kidlanishicha, voqealarning bunday variantida Britaniya harbiy-dengiz kuchlari harbiylari qo‘rqib, qochib ketgandek ko‘rinishi mumkin bo‘lgan.

Bundan tashqari, hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Britaniya rasmiy shaxslari ular taxmin qilgan voqealar rivoji Rossiyanikidan farq qilishi mumkinligini teran anglashgan.

BBC News’da ta’kidlanishicha, hujjatlar kemaning Britaniya Ukrainaning bir qismi deb hisoblaydigan Qrim yaqinidan o‘tishi «Londonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilgan puxta o‘ylangan qarori» bo‘lganini tasdiqlaydi.

Hujjatlar orasida boshqa masalalar bo‘yicha ham ma’lumotlar bo‘lgan. Xususan, ularda NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilgandan keyin Britaniya u yerda o‘z maxsus qo‘shinlarini qoldirishi mumkinligi haqida gapirilgan.

Britaniya mudofaa vazirligida avvalroq xodimlardan biri maxfiy hujjatlar yo‘qotib qo‘yilgani haqida hisobot bergani tasdiqlangan.

23 iyunda rossiyalik harbiylar va chegarachilar Rossiyaning Qora dengizdagi chegarasini buzgan Defender esminetsi tomon ogohlantiruvchi o‘q uzgani ma’lum qilingandi. Rossiya mudofaa vazirligi esminetsning xatti-harakatlarini BMT konvensiyasining qo‘pol buzilishi deb baholagan va Britaniyani kema ekipaji harakatlarini tergov qilishga chaqirgan.

24 iyunda Britaniyaning Rossiyadagi elchisi Debora Bronnert Qora dengizdagi hodisa sababli Rossiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan edi.

Latest from Blog